"Telegram" tarmog‘idagi "MibuzBot" kanali orqali aliment undiruvlari bilan bog‘liq ijro ishlari bo‘yicha qarzdor va undiruvchilar hamda Majburiy ijro byurosi davlat ijrochilari o‘rtasida onlayn tezkor aloqa xizmati yaratildi.
Endilikda, Siz istalgan vaqtda va joyda bo‘la turib, nomingizda aliment bilan bog‘liq ijro hujjati mavjud yoki yo‘qligi, shuningdek, mavjud ijro hujjati yuzasidan ma’lumot olish imkoniyatiga egasiz.
Siz buning uchun, Telegram tarmog‘i orqali elektron pochta belgisi MibuzBot kanalidan foydalanishingiz mumkin.
Bu qanday amalga oshiriladi? Siz avvalo, ushbu bot kanalga kirib, start tugmasini bosasiz ekranda keltirilgan xizmatlardan birini tanlaysiz.
Ijro hujjatlari bo‘limi orqali siz o‘zingizga tegishli bo‘lgan aliment va boshqa ijro hujjatlari yuzasidan ma’lumot olishingiz mumkin.
Aniqroq aytganda, Sizning ijro ish raqamingiz, uni yuborgan organ, Byuroga kelib tushgan sana hamda ijro hujjati mazmuni, shuningdek, qarzdorlik so‘mmasi va davlat ijrochisi haqida ma’lumotlar bilan tanishishingiz mumkin.
Agar nomingizda aliment undiruvlaridan boshqa ijro hujjatlari mavjud bo‘lsa, ular ham ekranda darhol paydo bo‘ladi va siz istasangiz shu joyning o‘zidan to‘lovni amalga oshirish imkoniyatiga ham egasiz.
Shuningdek, aliment bo‘yicha tezkor aloqa bo‘limi orqali siz davlat ijrochisiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘z ijro ishingiz yuzasidan savol yo‘llashingiz mumkin.
Hurmatli fuqarolar, endilikda Byuroning tuman-shahar bo‘limlari vaqt sarflab bormasdan, davlat ijrochisi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqani yo‘lga qo‘ying hamda tezkorlikda savollaringizga javob olishingiz mumkin!