Bugun 21 dekabr, 2024 yil, shanba

КИР

MAGATE Eron bilan yangi yadro bitimi imzolashga chaqirdi

MAGATE Eron bilan yangi yadro bitimi imzolashga chaqirdi

Yaqinda MAGATE bosh direktori Rafael Grossi OAV vakillariga intervyu berib, xalqaro hamjamiyatni Eron bilan muloqotni yo‘lga qo‘yishga, Tehronning yadroviy intilishlarini inkor etmaslikka chaqirdi.

– Eron bilan muloqot tizimini yaratish zarur, – dedi Grossi. – Qandaydir boshqa jihatlarga e’tibor qaratish bilan muammo hal etilmaydi. Beparvolik vaziyatni yanada keskinlashtirishi mumkin... Odamlar, ehtimol, Eronning yadroviy ambisiyasiga e’tibor bermayotgandir, lekin muammo mavjudligicha qolmoqda.

U shuningdek, Eronning yadroviy dasturi atrofida yuzaga kelgan vaziyat o‘ta noaniq ekanini ta’kidlab, mamlakatlarni birgalikda harakat boshlashga chorladi.

Grossining fikricha, Eron bilan yadro bo‘yicha muzokaraga ichki chalg‘ituvchi omillar ham to‘siq bo‘lmoqda. Masalan, “ayrim mamlakatlardagi siyosiy vaziyat” o‘sha davlat muzokarada to‘liq ishtirok etishiga imkon bermayapti. Darvoqe, mulozim bu gapi bilan aynan qaysi mamlakatlarni nazarda tutgani aniq emas. Uning aytishicha, Eron bilan erishiladigan bitimni Birgalikdagi keng qamrovli harakatlar rejasi (BKHR) doirasiga qaytarish ish bermaydi, endi yangi tizim zarur.

– Yadroviy kelishuvni BKHR doirasiga qaytarishga urinish ish bermaydi, – deya ta’kidladi Grossi. – Tuzilmani haliyam BKHR deb atash mumkin, faqat endi BKHR-2 yoki qandaydir boshqacha nomlashga to‘g‘ri keladi. Xullas, moslashish kerak.

Ma’lumki, 2015 yil Buyuk Britaniya, Germaniya, Xitoy, Rossiya, AQSH, Fransiya va Eron birgalikda bitim imzolagan. “Birgalikdagi keng qamrovli harakatlar rejasi” sifatida nom berilgan ushbu hujjat yadro dasturini cheklashi evaziga Eronga nisbatan qo‘llanayotgan sanksiya bekor qilinishini ko‘zda tutgan. Mazkur kelishuvga 2018 yilgacha amal qilib kelindi, biroq shu yil may oyida, Donald Tramp prezidentligi davrida AQSh BKHRdan chiqqanini e’lon qildi va Eronga nisbatan sanksiyani qayta tikladi. Bunga javoban Eron ham bitim doirasida zimmasiga olgan majburiyatini bosqichma-bosqich qisqartirishini e’lon qildi va yadro ob’ektlaridagi tadqiqotni qisqartirishdan voz kechdi.

Venada BKHRni yangilash va Tehronga qarshi sanksiyani bekor qilish bo‘yicha muzokara bo‘lib o‘tdi. 2021 yil dekabr oyida tomonlar Yevropa va Eron pozisiyasini aks ettirgan ikkita kelishuv loyihasi bo‘yicha kelishuvga erishdi. Eron vakili Bagiriy Kiyoniy so‘zlariga ko‘ra, muzokara muvaffaqiyatli o‘tgan. Binobarin, AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays Venadagi taraqqiyotni “kamtarona” deya baholab, Tehronni masalaga jiddiy yondashishga chaqirdi. Hozir Vena muzokarasi jarayoni tin olgan.
2021 yil dekabr oyida Eron ixtiyoriy ravishda Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE)ga Karaj yadroviy inshootidagi kameralarni almashtirishga ruxsat berdi. Avvalroq kuzatuv kameralari o‘rnatishga ruxsat berilmagan, ob’ekt rotor naychalari va sentrifuga ko‘prigi ishlab chiqarishni tiklamagani tasdiqlangan edi. Qolaversa, Tehron sanksiya to‘liq bekor qilingandan keyingina Karaj shahridagi yadroviy inshootdan kuzatuv kameralari ma’lumoti taqdim etilishini ma’lum qilgan.

Kiritildi: 21:22 02.12.2023. O'qildi: 1259 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!