Avval xabar berganimizdek, Haj mavsumi joriy yilning 4 iyun kunidan boshlanadi. Shu bois, ziyoratchilarimizni kuzatishga tayyorgarlik, Saudiya Arabistonidagi mehmonxonalar sharoiti va tashkiliy ishlar haqida ma’lumot berib bormoqdamiz.
O‘zbekiston haj ishchi guruhi bir necha kundan buyon Makka va Madina shaharlarida ziyoratchilarni kutib olishga jiddiy hozirlik ko‘rmoqda. Yurtdoshlarimizni namunali kutib olish maqsadida, Madina xalqaro aeroporti bilan bog‘liq tashkiliy va hujjat ishlari yakuniga yetdi.
Bu yil Madina shahridagi besh yulduzli “Zamzam Pullman” zamonaviy mehmonxonasi o‘zbekistonlik hojilar xizmatida bo‘ladi. Ushbu mehmonxona Masjidi Nabaviyning yonida joylashgan bo‘lib, ziyoratchilarimiz besh mahal namozni ushbu masjidda ado etish va bir necha bor Ravzai sharifga kirish imkoniga ega bo‘ladilar.
Ishchi guruh tomonidan ushbu mehmonxonaning har bir xonasida ozoda choyshablar solingani, yuvinish xonasida barcha sharoitlar hozirlangani, shaxsiy gigiyena vositalari mavjudligi, sovutkich, muzlatkich sozligi ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, qibla ko‘rsatkichi, joynamoz, Qur’oni karim va televizor bilan jihozlanganligiga ham e’tibor qilindi. Shuningdek, hojilarga xizmat ko‘rsatadigan oshxona-restoranda ham zarur o‘rinlar va barcha qulayliklar shay holatga keltirilgan.
Mehmonxonada tibbiy markaz va O‘zbekiston ishchi guruhi shtabi tashkil etilgan bo‘lib, shifokor va mas’ullar 24 soat davomida barcha turdagi murojaatlarni tinglaydi