Reuters axborot agentligining statistikasiga ko‘ra, 26 iyulga kelib Lotin Amerikasida koronavirus bilan kasallanganlar soni Shimoliy Amerikadagi bemorlar sonidan ham oshib ketdi. Hozirda bu yerdagi Braziliya, Meksika, Peru, Kolumbiya va Argentina mamlakatlarida koronavirus avj olmoqda.
Endi bu qit’a dunyoda COVID-19 eng ko‘p tarqalgan hududga aylandi. Ayni paytda Lotin Amerikasida koronavirusni yuqtirib olganlar soni 4 327 160 kishini tashkil qilmoqda. Bu dunyodagi umumiy kasallanganlarning 26,83 foizi deganidir. AQSh va Kanadadagi bemorlarning umumiy soni ham Lotin Amerikadagidan kam bo‘lib, bu ikki mamlakatda hozirgacha 4 308 495 kishiga koronavirus tashxisi qo‘yilgan.
Ayni damda AQSh dunyoda koronavirus eng ko‘p tarqalgan va u sabab eng ko‘p o‘lim qayd etilgan mamlakat bo‘lib, bu yerda 4.2 milliondan ziyod kishining COVID-19 ga chalingani va 146 mingdan ortiq odam vafot etgani qayd etilgan. Bu borada ikkinchi ko‘rsatkich Braziliyada -2.4 million kishi kasallangan va 87 ming kishi qurbon bo‘lgan. Shuningdek, Lotin Amerikasidagi Meksika, Peru va Chili mamlakatlari ham koronavirusga chalinganlar soni bo‘yicha dastlabki o‘ntalikka kirishadi.