Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 24-turida “Dinamo” “Lokomotiv”ga qarshi bahs olib bordi. Uchrashuv “temiryo‘lchilar”ning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Uchrashuv “Lokomotiv” jamoasining messenjeri orqali matnli translyasiya qilib borilgan. PFL ushbu translyasiyadagi ba’zi fikrlari sababli “temiryo‘lchilar” jarimaga tortilishi haqida xabar berdi.
Matnli translyasiya davomida uchrashuv rasmiylariga nisbatan ochiqdan-ochiq nohaq fikrlar bildirildi. “Superliga va Proliga reglamenti”da hakamlikka nisbatan e’tiroz bildirish tartibi uchun alohida bob ajratilgan bo‘lib, unda bu ish qanday amalga oshirilishi batafsil tushuntirilgan. Shunga qaramay, “Lokomotiv” klubi hakamlik yuzasidan hech qanday rasmiy shikoyat kiritmagan. Bundan ko‘rinadiki, klub matbuot xizmati hamda klub rahbariyatining o‘yin yuzasidan pozisiyasi bir-biridan farq qiladi.
Superliga bellashuvi jonli teletranslyasiya qilinadi va uni takroriy lavhalar yordamida kuzatish imkoniyati mavjud. Shuningdek, mazkur musobaqaning har bir uchrashuvida VAR tizimidan foydalanib kelinmoqda. “Dinamo” — “Lokomotiv” uchrashuvida VAR uzilishlarsiz faoliyat olib borgan bo‘lib, undagi barcha detallar nazorat ostida bo‘lgan.
“Liga tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlar va musobaqalarda ishlovchi OAV vakillari uchun media yo‘riqnoma”ning 2.2-bandida klub matbuot kotibi rasmiy sahifalarda e’lon qilingan materiallar uchun javobgar ekanligi belgilangan. Liga “Lokomotiv” matbuot xizmatining xatti-harakatlari yuqorida ko‘rsatilgan har ikki reglamentga zid ekanligidan kelib chiqib, klubga nisbatan jarima intizom chorasi ko‘rilishini ma’lum qiladi. Kelgusida bu kabi holat takrorlansa, matbuot kotibiga berilgan Liga lisenziyasi qaytarib olinadi hamda jamoa uchun boshqa kotibni Liga ro‘yxatidan o‘tkazish talab etiladi.
PFL bayonoti