Latviya parlamenti mamlakatning piyodalarga qarshi minalarni taqiqlash to‘g‘risidagi konvensiyadan chiqishini yoqlab ovoz berdi, deb xabar bermoqda Delfi.
Latviya Tashqi ishlar vazirligi mamlakatning Ottava konvensiyasidan chiqishiga asos sifatida Ukrainaga bostirib kirgan Rossiya suveren davlatlarning hududiy chegaralariga va xalqaro huquqqa rioya qilmasligini ko‘rsatdi. Shu sababli, TIV Latviya uchun turli qurol tizimlaridan foydalanishda moslashuvchanlikni saqlab qolish muhim ekanligini qayd etdi.
Latviya, Litva, Estoniya va Polsha mudofaa vazirlari mart oyida o‘z mamlakatlari rahbariyatini piyodalarga qarshi minalarni taqiqlash to‘g‘risidagi konvensiyadan chiqishga da’vat etgan edilar.
Ottava konvensiyasini imzolagan mamlakatlar piyodalarga qarshi minalarni qo‘llamaslik, ishlab chiqarmaslik va boshqalarga bermaslik, shuningdek, o‘zlarida mavjud bo‘lgan barcha zaxiralarni yo‘q qilish majburiyatini oladilar. Ushbu shartnomaga Rossiya, AQSH, Xitoy, Hindiston va Pokiston qo‘shilmagan.