«Barselona» vingeri Lamin Yamal «Sevilya»ga qarshi uchrashuvda ikkita golli uzatmani amalga oshirdi. Kataloniyaliklar ushbu bahsda 3:1 hisobida g‘alaba qozondi.
Ispaniyalik futbolchi xet-trik qayd etgan Rafinya Diasga ikki bor assistentlik qildi. Shu tariqa Yamalning klub miqyosidagi faoliyati davomidagi golli uzatmalari soni 51 taga yetdi.
Opta ma’lumotlariga ko‘ra, Yamal 19 yoshu 68 kunligida barcha musobaqalar hisobida 50 ta assist marrasiga yetgan La Liganing eng yosh futbolchisiga aylandi. Ushbu statistika 2013/2014 yilgi mavsumdan buyon yuritib kelinadi.
Avvalgi rekord Madridning «Real» klubi futbolchisi Vinisius Juniorga tegishli edi. Braziliyalik bu natijaga 22 yoshu 298 kunligida erishgan.
Shuningdek, Lamin Yamal «Barselona» safida 159 ta uchrashuvda 57 ta gol urgan.