U o‘limidan keyin “Bxarat Ratna“ oliy darajadagi orden bilan mukofotlangan Hindistonning birinchi fuqarosi edi. Uning xotirasiga Dehlida “Vidjay Gat“ memorial majmuasi ochilgan.
Hatto, O‘zbekistonda ham bu shaxsning byusti o‘rnatilib, Toshkent ko‘chalaridan biri uning nomi bilan ataladi. Yurtimizga kelgan hindistonlik borki, bu manzillarga bormay qaytmaydi.
Bu insonning kimligini anglagan bo‘lsangiz kerak, agar topolmagan bo‘lsangiz hozir bilib olasiz.
1965 yil. Avgust-sentyabr oylarida Hindiston va Pokiston o‘rtasida qurolli mojarolar yuz berdi. Kashmirning bir qismi Pokistonga yana bir qismi esa Hindistonga tegishli edi. Hindiston qismida qo‘zg‘olon ko‘tarishga urinishdan boshlangan mojaro, ikki davlat o‘rtasidagi chegara oldi urushiga aylanib ketdi.
O‘z atom bombasiga ega bu ikki davlat bir-biriga tahdid qilishni to‘xtatmas, ularni yarashtirish uchun qilingan barcha harakatlar omadsiz yakunlanayotgan edi. Tomonlar bir to‘xtamga kelishi, muzokaralar stoliga o‘tirishiga esa qarshiliklar ko‘p edi.
Va nihoyat, Hindiston va Pokistonni yarashtirish maqsadida 1966 yilning yanvarida Toshkent konferensiyasini o‘tkazish qarori qabul qilinadi. Har ikkala taraf unda ishtirok etishga rozilik berdi. Bu chin ma’nodagi tarixiy burilish edi.
Nega aynan toshkent tanlangan edi?
Qayd etish joizki, Toshkent o‘sha vaqtlarda nafaqat SSSR hududi sanalgan, balki Hindiston va Pokistonga yaqin, diplomatik korpuslardan deyarli ozod shahar bo‘lgan. Shuningdek, Sharof Rashidov rahbarligi davrida O‘zbekistonning xalqaro maydondagi o‘rni ancha yuqori bo‘lgani bois ana shunday qarorga kelingan bo‘lsa, ajab emas. Nega deganda Hindiston bosh vaziri Lal Bahodur Shastri va Pokiston Prezidenti Muhammad Ayub-xon o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda O‘zbekiston SSR rahbari – Sharof Rashidov ham faol ishtirok etayotgandi.
Tarixiy voqea guvohi bo‘lganlarning so‘zlariga ko‘ra, Toshkentga Pokiston Prezidenti Ayub-xon va Lal Bahodur Shastri boshchiligidagi delegasiya keladi. Shastri va Ayub-xon kelgan kunining ikkinchi kunida uchrashadi va yarim tunda Hindiston — Pokiston o‘rtasida tarixiy tinchlik bitimi imzolandi.
Ammo bitim tuzilishi munosabat bilan uyushtirilgan katta banketdan keyin bir soat o‘tib, Shastrining sog‘lig‘i og‘irlashib, o‘zini yomon his eta boshlagan.
1966 yil. 12 yanvar tongida butun dunyoga tinchlik muzokaralari yakuniga yetgani bilan bir qatorda Hindiston bosh vazirining favqulodda vafot etganligi haqidagi xabar tarqaldi.
O‘z vaqtida bu voqea ko‘plab, bahs-munozaralar va shov-shuvlarga sabab bo‘lgan. Biroq, bizga bir narsa ma’lum, Shastrining tobutini yaqingacha uning mamlakati bilan urush holatida bo‘lgan, hatto Hindiston yetakchisi bilan ko‘rishishdan bosh tortgan Pokiston Prezidenti Ayub-xon o‘zi ko‘tarib borgan.
Shu tariqa, fojiali holat yuz berganiga qaramay, Toshkent deklarasiyasi – Hindiston va Pokiston o‘rtasida tinchlik kelishuvi hamon o‘z kuchini yo‘qotgani yo‘q. Bu ikki yadro quroliga ega davlat o‘rtasidagi tinchlik kelishuvi dunyo tarixiga “Toshkent deklarasiyasi” nomi bilan kirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Kinofotofono hujjatlari markaziy davlat arxivida ana shu voqealar aks ettirilgan videolar saqlanmoqda.
Manba: hordiq.uz