Kuz qish mavsumida parvarishga muhtoj a’zolardan biri — lab. Bu mavsumda ularning quruqlashishi, yorilishi, nursiz bo‘lib qolishi kuzatiladi.
Bu nafaqat salqin ob-havo, balki organizmning ichki holatiga ham bog‘liq. Shuning uchun lab terisini alohida parvarish qilish talab etiladi.
Ta’sir etuvchi omillar
Avitaminoz. Organizm A, YE va S vitaminlariga kuchli ehtiyoj sezsa, lab terisi quruqlashadi.
Namlik darajasi. Kam suyuqlik qabul qilinganda organizmdagi suv balansi buziladi va lab yorilishni boshlaydi.
Zararli odat. Labni til bilan yalab qo‘yish, hadeb bir-biriga tekkizish yaxshi emas. Bu holatda lab terisining himoya qatlami sustlashadi.
Ziravorlar. Achchiq, sho‘r, nordon yeguliklar teriga nojo‘ya ta’sir ko‘rsatadi. Ta’m beruvchi ziravorlar esa teri sezuvchanligini o‘zgartirishi mumkin.
Allergiya. Upa, tonal kremi yoki pomada lab terisiga yoqmasa, allergik reaksiya kelib chiqishi mumkin. Bunda teri atrofi burishadi.
Ruhiy bosim. Kuchli stress, yashirin kechuvchi depressiya, asabiylik — lab terisi kuchli quruqlashishiga olib keladi. Ayniqsa, biror nimadan qattiq norozi bo‘lganda ichki ruhiy holat lab terisida aks etadi.
Uqalash mashqi
Salqin havo lab terisiga ozor bermasligi uchun labni kunora uqalab turish kerak: ko‘rsatkich barmoq bilan labning ustki qismi yengil paypaslanadi. 5-8 daqiqalik uqalashdan so‘ng, bu sohada qon aylanishi yaxshilanadi. Uqalashni boshlashdan avval labbo‘yoqni o‘chirib, ozroq o‘simlik yog‘i yoki vazelin surtish kerak. Bundan tashqari, labga bodom, uzum danagi yoki chakanda yog‘idan kunora surtib turilsa, lab quruqshab qolmaydi.
Foydali niqoblar
2 oshqoshiq smetanaga 6-8 tomchi limon suvi va 1 choyqoshiq zaytun yog‘i aralashtiriladi. Hosil bo‘lgan aralashmani labga surtib, 10 daqiqaga qoldiriladi.
Teng miqdorda smetana va tvorog aralashtiriladi. Ozroq asal qo‘shiladi va aralashma labga quyuq qilib surtiladi.
Dilfuza TILLAYEVA tayyorladi.
Manba: od-press.uz