Kuz – tabiat oltin va alvon ranglarga burkanib, borliq o‘zgacha qiyofa kasb etadigan betakror fasl. Kuzning ana shunday sehrli tarovati Turkiyani shovqin-surondan yiroqda, tabiat qo‘ynida xotirjam hordiq chiqarishni istaganlar uchun yanada jozibador manzilga aylantiradi.
3000 yillik tarix: Xalfeti
Xalfeti – Turkiyaning Shanliurfa viloyatidagi maftunkor tumanlardan biri bo‘lib, u 2013 yilda Cittaslow xalqaro muvofiqlashtirish qo‘mitasi tomonidan «Sokin shaharlar» tarmog‘iga kiritilgan. Miloddan avvalgi 855 yilda ossuriyaliklar tomonidan bunyod etilgan ushbu qadimiy maskan o‘zining qariyb 3000 yillik tarixi davomida Xett, Ossuriya va Makedoniya kabi buyuk sivilizasiyalar izlarini saqlab kelmoqda.
2000 yilda Birejik to‘g‘oni qurib bitkazilishi natijasida Xalfetining katta qismi suv ostida qolgan. Bugun Furot daryosi bo‘ylab qayiqda sayr qilib, suv ostida qolgan qadimiy shaharning ayrim inshootlari va tarixiy qoldiqlarini tomosha qilish mumkin. Suv qa’rida qolgan uylar, daraxtlar, masjidlar va boshqa obidalar bu hududning o‘ziga xos tarixiy manzarasini hosil qiladi.
Xalfeti dunyoda faqat shu hududda yetishtiriladigan mashhur qora atirgul – Karaguli bilan ham mashhur. Tabiatning bu noyob mo‘’jizasi o‘zining sirli rangi va betakror go‘zalligi bilan sayyohlarni hayratga soladi.
Kuzni kitoblar bilan qarshi oling: Turkiyaning eng boy kutubxonalari
Kuzning sokin kunlari kitob mutolaasi uchun ayni muddao. Kutubxonalarning osoyishta muhiti, kitob javonlari orasida kechadigan xotirjam lahzalar bu faslga o‘zgacha mazmun bag‘ishlaydi. Turkiyaning turli hududlarida joylashgan kutubxonalar nafaqat ilm-ma’rifat, balki madaniy hordiq maskanlari sifatida ham e’tiborga molik.
Anqaradagi Turkiya Prezidenti huzuridagi Xalq kutubxonasi va Turkiya Milliy kutubxonasi, Istanbuldagi Otaturk kutubxonasi, Bursadagi Inebey qo‘lyozmalar kutubxonasi shular jumlasidandir. Ushbu maskanlar o‘zining boy kitob fondi, tarixiy qo‘lyozmalari va ilmiy-ma’rifiy muhiti bilan kitob ixlosmandlari e’tiborini tortadi.
Betakror manzaralar izidan: Nemrut tog‘i
Turkiyaning Adiyaman viloyati Kahta tumanida joylashgan Nemrut tog‘i dengiz sathidan 2150 metr balandlikda joylashgan. Uning eng diqqatga sazovor jihati cho‘qqisidagi ulkan tosh haykallardir. Ushbu noyob tarixiy yodgorliklar tufayli Nemrut tog‘i 1987 yilda YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. 1988 yilda esa mazkur hudud milliy bog‘ sifatida muhofazaga olingan.
Tog‘ cho‘qqisidagi mahobatli haykallar qadimgi Kommagena podshohligidan bizgacha yetib kelgan arxeologik meros hisoblanadi. Ellinistik, fors va Kommagena madaniyati an’analari uyg‘unligida yaratilgan bu obidalar Sharq va G‘arb sivilizasiyalari o‘rtasidagi tarixiy-madaniy aloqalarni aks ettiradi. Taxminan 2000 yil avval Kommagena hukmdori Antiox Teos farmoni bilan yasatilgan haykallarda yunon va fors xudolari tasvirlangan. Bu yerda hukmdorning maqbara-ibodatxonasi ham joylashgan.
Nemrut tog‘i quyosh botishini kuzatish uchun Turkiyadagi eng mashhur maskanlardan biri sanaladi. Kun oxirida ufqqa og‘ayotgan quyosh nurlari qadimiy haykallarga tushib, ularning betakror qiyofasini yanada yaqqol namoyon etadi.
Shovqin-surondan yiroqda: kuzgi velosiped yo‘nalishlari
Turkiyada kuz har bir hududda o‘ziga xos ranglar jilosi bilan namoyon bo‘ladi. Tabiatning ana shu rang-barang manzaralarini yaqindan kuzatish va kuzgi sokinlikdan bahramand bo‘lishning maroqli usullaridan biri velosiped sayohatidir. Mamlakatdagi turli yo‘nalishlar dengiz sohillari, o‘rmonlar, tog‘li hududlar va tarixiy maskanlarni qamrab oladi.
Mayin shabada esib turadigan kuz kunlari velosipedda sayr qilish uchun qulay fursat hisoblanadi. Ayniqsa, Egey va O‘rta yer dengizi mintaqalarining mo‘’tadil iqlimi velosiped sayohatlarini kuz faslida ham davom ettirish imkonini beradi. Likiya yo‘li va Gokova o‘zining go‘zal tabiat manzaralari hamda dengiz bo‘yidagi yo‘nalishlari bilan ajralib turadi. Junda, Dalaman va Bodrumda esa dengizning moviy suvlari va yam-yashil tabiat uyg‘unligi velosiped sayohatlariga o‘zgacha joziba bag‘ishlaydi.
Mamlakatdagi turli yo‘nalishlar dengiz sohillari, o‘rmonlar, tog‘li hududlar va tarixiy maskanlarni qamrab oladi. Qora dengiz mintaqasining so‘lim yaylovlari esa musaffo havosi, keng yashil hududlari va tabiat qo‘ynida hordiq chiqarish imkoniyatlari bilan ajralib turadi. Marmara mintaqasidagi Kapidag‘ yarimoroli va Sapanja ko‘li atrofidagi yo‘nalishlar ham kuzgi velosiped sayohatlari uchun o‘ziga xos tabiiy muhitga ega.
Sokinlik va osoyishtalik maskani: Sapanja
Istanbulga yaqin joylashgan Sapanja Turkiyaning tabiat qo‘ynida hordiq chiqarish mumkin bo‘lgan so‘lim hududlaridan biridir. Yilning har bir faslida o‘zgacha qiyofa kasb etadigan bu maskan kuzda, ayniqsa, jozibali tus oladi. Ayniqsa, kuzda ko‘l yuzidagi sokinlik va tabiatning mayin ranglari bir-biriga uyg‘unlashib, Sapanjaga o‘ziga xos joziba bag‘ishlaydi.
Bu yerda tabiat qo‘ynida joylashgan bungalov uylarida dam olish, ko‘l bo‘ylab piyoda yoki velosipedda sayr qilish mumkin. Suv yuzida aks etgan kuzgi manzaralarni kuzatish, azim chinorlar soyasida vaqt o‘tkazish esa Sapanjadagi osoyishta muhitning ajralmas qismidir.
Ranglar jilosi: Yedigo‘llarda kuzgi hordiq
Turkiyada tabiat qo‘ynida dam olish uchun eng mashhur maskanlardan biri Yedigo‘ller milliy bog‘idir. G‘arbiy Qora dengiz mintaqasining Bolu viloyatida joylashgan ushbu hudud, ayniqsa, oktyabr va noyabr oylarida rang-barang kuz manzaralari bilan e’tiborni tortadi. Bu davrda daraxtlarning sariq, qizil, zarg‘aldoq va qo‘ng‘ir tusga kirishi milliy bog‘ga o‘zgacha go‘zallik bag‘ishlaydi.
Edigo‘llerning boy o‘simlik dunyosi uning tabiiy jozibasini yanada oshiradi. Bu yerda qayin, grab, eman, olxa, zarang, qayrag‘och, terak, qarag‘ay, oqqarag‘ay, jo‘ka va shumtol kabi ko‘plab daraxt turlari uchraydi.
Nomidan ham anglashilganidek, Yedigo‘ller hududida yettita ko‘l mavjud. Milliy bog‘dagi maxsus piyoda yo‘laklari orqali barcha yetti ko‘lni aylanib chiqish, atrofdagi o‘rmonlar va tabiiy manzaralarni yaqindan kuzatish mumkin. Shuningdek, Buyukko‘l va Deringo‘l ko‘llarida baliq ovlash ham yo‘lga qo‘yilgan. Bu ko‘llar, ayniqsa, kamalakrang forel balig‘i bilan mashhur.