Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari O‘zbekistonda ta’lim bosqichlari, shahar va qishloqlar bo‘yicha kutilayotgan ta’lim davomiyligini tahlil qildi.
Maktabgacha ta’lim: 2023-yilning boshidagi holatga ko‘ra, respublika bo‘yicha 3-6 yoshli bolalarning o‘rtacha kutilayotgan ta’lim davomiyligi 2-yilni tashkil qiladi (2017-yilda 0,9-yil edi). 6 yoshli bolalarni maktabdan 1-yil oldin ta’lim bilan qamrab olish darajasi 70 foizga yetdi (2017-yilda 27 foiz edi). 6 yoshgacha bo‘lgan davrda qiz va o‘g‘il bolalarning ta’lim olish imkoniyatlari teng (2017-yilda o‘g‘il bolalarning imkoniyatlari 2 foiz ko‘proq bo‘lgan).
Boshlang‘ich ta’lim: 7 yoshdan 10 yoshgacha bo‘lgan bolalarning kutilayotgan ta’lim davomiyligi 3,8-yilni (shaharda 4,2-yilni, qishloqda 3,5-yil) tashkil etadi. Shaharda uning 4-yildan oshiq bo‘lish tendensiyasi qishloq joylardagi bolalarning shaharga qatnab o‘qishi bilan izohlanadi. 2017-yilda shahar (4,8-yil) va qishloq (3,3-yil) o‘rtasidagi tafovut 1,43-yilni tashkil etgan edi.
Tugallanmagan o‘rta ta’limda 11 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan yigit va qizlarning ta’lim olish imkoniyatlari respublika bo‘yicha 4,9-yilni tashkil etgan. Yigitlar va qizlar o‘rtasida tafovut deyarli yo‘q. Ta’limning yuqoriroq bosqichiga o‘tish bilan (16 yoshdan keyin) tafovut ortib boradi. Ushbu tafovut qishloq yoshlarining shaharga kelib ta’lim olishi bilan izohlanadi.
Tugallangan o‘rta va professional o‘rta ta’lim, ya’ni o‘rta maktab, akademik lisey, kasb-hunar maktablarining 10-11-sinflari, kollej va texnikumlarning 1-3-kurslarida jami ta’lim yillari (16-19 yoshdagi aholi soniga nisbatan) respublika bo‘yicha 2,3-yilni tashkil qiladi. 19 yoshli yigit va qizlarning ta’lim olish imkoniyatlari o‘rtasida eng katta tafovut kuzatiladi va u qizlar foydasiga 0,4-yilni tashkil qiladi.
Oliy ta’lim va undan keyingi ta’lim: Oliy ta’limda 19 yoshdagi jami aholining 28 foizi tahsil olmoqda (19 yoshli yigitlarning 27,5 foizi va qizlarning 28 foizi).
2022-yil yakunlari bo‘yicha xulosa:
➖ ta’lim yillari aholi sonining qamrovi bilan eng mutanosib bosqich bu o‘rta ta’lim (5-9-sinflar) ga to‘g‘ri keladi;
➖ qishloq aholisining shaharga qatnab o‘qishi 16-17 yoshdagi yigitlar orasida eng ko‘p kuzatiladi;
➖ ta’limning barcha bosqichlarida erkak-ayollarning ta’lim imkoniyatlari bo‘yicha o‘rta professional ta’lim hamda oliy ta’limdan keyingi rasmiy ta’limda ayollarning imkoniyatlari erkaklarnikiga nisbatan yaxshiroq;
➖ ta’limning barcha bosqichlarida 2017-yildagiga nisbatan davomiylikning oshishi bilan birga erkak va ayol hamda shahar va qishloq o‘rtasidagi tafovut qisqarib bormoqda;
➖ jami ta’lim yillari 14,6-yil (erkaklar uchun 14,4-yil, ayollar uchun 14,8-yil) ni tashkil etmoqda. 2017-yilda 12,9-yilni tashkil etgan (erkaklar uchun 13,1-yil, ayollar uchun 12,7-yil).