Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov yozuvchi Mixail Zigarning The New York Times nashrida e’lon qilingan maqolasiga munosabat bildirdi.
Peskov maqoladagi iddaolarni "haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan mutlaqo yolg‘on uydirma", deb atadi.
"Haqiqatan ham, kelishuv sari ma’lum bir masofa bosib o‘tilgan edi, biroq Rossiya uchun o‘ta muhim ahamiyatga ega bo‘lgan asosiy masalalar bo‘yicha kelishuvga erishilmagan", — dedi u.
Mixail Zigar 25 mart kuni e’lon qilingan maqolasida AQSh va Isroilning Eron bilan urushi boshlanishidan oldin Vladimir Putin Ukraina bilan jiddiy muzokaralar boshlamoqchi bo‘lganini da’vo qilgan edi.
Muallifning fikricha, Yaqin Sharqdagi nizo neft narxini oshirib, Rossiya iqtisodiyotidagi keskinlikni yumshatgan va Putinni Ukraina mojarosini tinchlik yo‘li bilan kelishish istagidan voz kechishga undagan.