Oxirgi vaqtlarda Koreya Respublikasiga vaqtincha ishlash uchun borgan o‘zbekistonliklar orasida o‘z ish joyini sababsiz tashlab ketish holatlari ko‘paymoqda, deydi Migrasiya agentligi Matbuot kotibi.
Qayd etilishicha, bu O‘zbekistonga ajratiladigan ishchi kvotalar soniga jiddiy ta’sir ko‘rsatib, mamlakatimizdan borgan ishchilarning imidji tushib ketishiga sabab bo‘ladi.
Shu bois, Koreyaga ishlash uchun borayotgan har bir yurtdoshimiz ketish oldidan uch tomonlama shartnomaga imzo chekmoqda.
Shartnomada ish joyini sababsiz tashlab ketib, nolegal faoliyat yuritadiganlarning kafillikka olayotgan yaqin qarindoshidan Koreyada nolegal yurgan har bir oyi uchun 2000 AQSh dollaridan jarima undirilishi belgilangan.
Ana shunday shartlarni buzgan qashqadaryolik fuqaro M.Aning kafilidan sud qaroriga asosan MIB 70 392 000 so‘m undirgan.
Joriy yilning o‘tgan davrida o‘z ish joyini sababsiz tashlab ketgan qariyb 80 nafar hamyurtimizning kafillari tomonidan davlatga 2 mlrd 35 million so‘m jarima undirilgan.