Ukraina Tashqi ishlar vazirligi FIFA'dan Qrim Ukraina hududi sifatida ko‘rsatilmagan xarita uchun uzr so‘rashni talab qildi
13 dekabr kuni 2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati uchun Yevropa saralash bosqichining qur’a tashlash marosimi namoyish qilindi. Unda turnirda bir-biriga to‘g‘ri kelmaydigan mamlakatlar ko‘rsatilgan xarita taqdim etilgan edi. Bu xaritada Qrim Rossiyaning bir qismi sifatida belgilangandi.
Ukraina Tashqi ishlar vazirligi vakili Georgiy Tixiy FIFA'dan xaritani o‘zgartirishni va jamoatchilik oldida uzr so‘rashni talab qildi.
"Hammasi joyidami, FIFA? Kechagi efirda xalqaro chegaralarni o‘zgartirish bilan nafaqat xalqaro huquqni buzdingiz, balki Rossiya propagandasini qo‘llab-quvvatladingiz", — deya munosabat bildirdi Tixiy.
Bundan tashqari, FIFA'ga Ukraina Futbol Assosiasiyasi ham murojaat qildi. Tashkilotning rasmiy xatida bunday xarita "mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi" va "FIFA hamda UEFAning nomuvofiq pozisiyasi" sifatida ko‘rinadi, deb yozilgan.