Bugun 17 may, 2025 yil, shanba

КИР

Konstitusiyaviy islohotlar: aholining ijtimoiy-iqtisodiy hayotida qanday o‘zgarishlar kutilmoqda

A A A
Konstitusiyaviy islohotlar: aholining ijtimoiy-iqtisodiy hayotida qanday o‘zgarishlar kutilmoqda

Iqtisodiyot fanlari doktori Nodirbek Rasulovning ta’kidlashicha amaldagi konstitusiyaga ijtimoiy-iqtisodiy muammolar yechimiga qaratilgan normalarning kiritilishi birinchidan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, imkoniyati cheklangan hamda nogironligi bor shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash masalalarining hal etilishini ta’minlasa, ikkinchidan, ishsizlik bilan bog‘liq muammolarni hal etilishiga, aholi daromadlarini o‘sishiga hamda ehtiyojmand aholi qatlamini arzon uy-joylar bilan ta’minlashning huquqiy asoslarini mustahkamlanishga zamin yaratadi.

Hozirgi kunda Konstitusiyaviy islohotlar natijasi aholi farovonligiga qanday ta’sir ko‘rsatadi hamda ular fuqarolarning qaysi ijtimoiy-iqtisodiy muammolari yechimiga qaratilgan, degan masalalar aholini qiziqtirayotgan va ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama bo‘layotgan masalalar hisoblanadi. Shu boisdan, iqtisodchi sifatida ayrim fikrlarimni bildirib o‘tmoqchi edim.

Tan olish kerakki, mamlakatimizda hozirgi kunda ishsizlik, aholini ish bilan bandligini ta’minlash, kambag‘allik darajasi hamda ularning real daromadlarini oshirish bilan bog‘liq muammolar eng muhim dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra 2022 yil iyun holatiga mamlakatimizda ishga muhtoj bo‘lganlarning umumiy soni 1 mln. 400 ming kishini, ishsizlik darajasi iqtisodiy faol aholi orasida 9,2 foizni tashkil etgan. Bu esa, o‘z navbatida, turli ijtimoiy muammolarni keltirib chiqaradi.

Hozirda mamlakatda olib borilayotgan siyosat mohiyatini tahlil qilsak, uning bosh maqsadi – jamiyatimizda oliy qadriyat hisoblanmish inson manfaatlarini ro‘yobga chiqarish ekaniga amin bo‘lamiz.

Joriy yilning 25 iyunidan keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitusiyaviy qonun loyihasini ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, loyihada inson manfaatlarini kafolatlashga qaratilgan qator moddalar kiritilishi kutilayotganiga guvoh bo‘lamiz.

Jumladan, taklif etilayotgan Konstitusiya loyihasining muqaddimasi va 1-moddasida O‘zbekiston ijtimoiy davlat ekanligi to‘g‘risida taklif berilgan. Konstitusiyaga birgina “ijtimoiy” so‘zning kiritilishi birinchidan, davlat fuqarolar oldida juda ko‘plab vazifa va majburiyatlarni bajarishini o‘z zimmasiga olsa, ikkinchidan, mazkur so‘zning bosh qonunda aks ettirilishi ko‘plab ijtimoiy muammolar, xususan, aholi bandligini ta’minlash; aholining real daromadlarini oshirish; kam ta’minlangan, ehtiyojmand, kambag‘allik darajasiga tushib qolgan fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish; xotin-qizlarning jamiyatda faolligini ta’minlash; arzon uy-joylar qurish siyosatini olib borish; ishsizlik bilan bog‘liq muammolarni hal etish hamda malakali tibbiy xizmat hamda ta’lim olish kabi muammolarni yechilishini kafolatlaydi, deb hisoblayman.

Shu bilan birga qonun loyihasining 14-moddasiga “Davlat o‘z faoliyatini inson farovonligini hamda jamiyatning barqaror rivojlanishini ko‘zlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshiradi” – degan norma kiritilishi taklif etilmoqda. Bu taklifning asosiy g‘oyasi “Inson qadri uchun” tamoyiliga yo‘naltirilgan bo‘lib, uning asosida aholini barcha toifalarini ijtimoiy himoya qilish va ularga jamiyatda teng imkoniyatlar yaratish ma’suliyatini ham davlat o‘z zimmasiga oladi.

Konstitusiya loyihasining 27-moddasiga kiritilishi taklif etilgan “Har kim uy-joy daxlsizligi huquqiga ega. Sudning qarorisiz uy-joydan mahrum etilishga yo‘l qo‘yilmaydi” – degan norma aholini ko‘p yillardan beri qiynab kelayotgan “snos” xavfidan xalos etish imkoniyatini beradi.

Loyihaning 37-moddasiga taklif etilayotgan “... qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitilishlarsiz va belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish”degan norma fuqarolarimiz uchun mulkchilik shaklidan qat’iy nazar ish joylarida qulay mehnat sharoiti yaratilishini ta’minlash baroilan birga mehnatiga munosib ish haqqi olish ya’ni mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan ish haqini olishni huquqiy jihatdan mustahkamlaydi.

39-moddaga berilayotgan “Davlat ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand va kam ta’minlangan, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolarni qonunda belgilangan tartibda uy-joy bilan ta’minlaydi” - degan norma kelajakda ehtiyojmand, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini arzon uy-joy bilan ta’minlash tizimini yaratishga asos bo‘ladi.

Muhokamaga qo‘yilgan qonun loyihasining 53-moddasida eng ko‘p iqtisodiy munosabatlar aks ettirilganligini ko‘rishimiz mumkin. Mazkur moddaga kiritilayotgan ayrim normalarni mohiyatiga e’tiborimizni qaratsak.

Xususan, 53-moddaga “Davlat iqtisodiyot tarmoqlarining va hududlarning uyg‘un holda rivojlantirilishi uchun shart-sharoitlar yaratadi, shuningdek iqtisodiy resurslarning adolatli ravishda taqsimlanishini ta’minlaydi” – degan normaning kiritilishi davlatimizning barcha hududlarining teng rivojlanishi, moliyaviy resurslarning teng taqsimlanishiga huquqiy zamin yaratadi.

Xulosa sifatida aytmoqchimanki, amaldagi konstitusiyaga ijtimoiy-iqtisodiy muammolar yechimiga qaratilgan normalarning kiritilishi birinchidan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, imkoniyati cheklangan hamda nogironligi bor shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash masalalarining hal etilishini ta’minlasa, ikkinchidan, ishsizlik bilan bog‘liq muammolarni hal etilishiga, aholi daromadlarini o‘sishiga hamda ehtiyojmand aholi qatlamini arzon uy-joylar bilan ta’minlashning huquqiy asoslarini mustahkamlanishga zamin yaratadi.

Kiritildi: 11:27 26.07.2022. O'qildi: 2060 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!