Mahbuslarning ommaviy qochishi Munsenze qamoqxonasida sodir bo‘ldi. Bu voqea M23 isyonchi jangarilari Goma shahrini egallashni boshlaganidan keyin yuzaga keldi. Qamoqxonada saqlangan ayollar ommaviy zo‘ravonlik qurboniga aylanishdi.
BMTning ma’lum qilishicha, taxminan 165-167 nafar ayolga jinsiy zo‘ravonlik qilingan. Keyin jinoyatchilar binoga o‘t qo‘yishgan, natijada ayollarning aksariyati halok bo‘lgan.
Kongo Demokratik Respublikasi sharqidagi Goma shahrining isyonchilar tomonidan bosib olinishi gumanitar falokatga olib keldi. BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, to‘qnashuvlar oqibatida kamida 2900 kishi halok bo‘lgan.
BMT ekspertlari bu qirg‘inlar uchun M23 guruhini ayblamoqda. Ushbu guruh o‘zini Kongo Demokratik Respublikasida yashovchi xalqlardan birining teng huquqlari uchun kurashayotgan harakat sifatida taqdim etadi. Ruanda tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan M23 guruhi zamonaviy texnologiyalar ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan noyob resurslarga boy hududlarni bosib olish uchun kurashmoqda.