Kongo Demokratik Respublikasida (KDR) Ebola isitmasidan vafot etganlar soni 3007 nafarga yetdi. Mamlakat Milliy sog‘liqni saqlash instituti ma’lumotlariga ko‘ra, kasallikning o‘lim darajasi 48,6 foizni tashkil etmoqda.
EFE agentligi xabar berishicha, epidemiya boshlanganidan buyon 1400 dan ortiq bemor sog‘aygan, yana 830 nafar kishi kasalxonaga yotqizilgan.
Ayni paytda virus tarqalishiga qarshi kurash choralari mamlakatning oltita viloyatida davom etmoqda. Epidemiya dastlab qayd etilgan Ituri provinsiyasida so‘nggi 24 soat ichida 49 ta yangi holat aniqlangan. Shuningdek, Sopo, Bas-Uele, Yuqori Uele, Shimoliy Kivu va Janubiy Kivu provinsiyalarida ham kasallik tarqalishi kuzatilmoqda.
KDRda Ebolaning Zaiir variantiga qarshi ishlab chiqilgan Ervebo vaksinasi bilan emlash kampaniyasi ham boshlangan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, vaksina hozirgi epidemiyada tarqalayotgan Bundibugyo shtammiga qarshi ham ijobiy natijalar ko‘rsatgan.
Ebola epidemiyasi KDRning Ituri provinsiyasida 15 may kuni rasman e’lon qilingan. Keyinchalik virus mamlakatning boshqa hududlariga, shuningdek, qo‘shni Ugandaga ham tarqalgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti o‘tgan hafta Ugandada virus tarqalishi to‘xtaganini ma’lum qilgan.
JSST ushbu epidemiyani tarixdagi eng tez tarqalayotgan Ebola epidemiyalaridan biri sifatida baholab, uning ko‘lami o‘n yil avvalgi eng yirik epidemiya darajasiga yetishi mumkinligidan ogohlantirgan. O‘sha epidemiya oqibatida 11 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan.