Fransiyaning Marsel shahri ko‘chalarida farroshlarning ish tashlashi natijasida axlatlar to‘planib qolgan.
Bu haqda France 3 telekanali xabar berdi.
Chiqindilarni yig‘ish bilan shug‘ullanuvchi “Veolia” xususiy shirkati xodimlari rahbariyat bilan kelishmovchiliklar tufayli bir necha kundan beri ish tashlashda. Ular mehnat sharoitlarining yomonligi, xususan, xodimlar va jihozlarning yetarli emasligidan norozi. Shu sababli, shaharning ayrim hududlarida butun axlat tog‘lari paydo bo‘ldi.
Haddan tashqari to‘ldirilgan axlat qutilari chiqindilarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘laklarga tashlab ketishini to‘xtatish uchun Marsel meriyasi ko‘chalarga katta axlat konteynerlarini joylashtirishga majbur. Shu bilan birga, shahar hokimiyati xususiy korxona ichidagi mojarolarga aralasha olmasligini ta’kidladi.
Chiqindichilar, ular ilgari surgan shartlar bajarilmaguncha, ish tashlashni davom ettirish niyatida ekanliklarini aytishdi. Veolia rahbariyati ish tashlovchilar vakillarini qabul qilib, ular bilan muzokaralarni boshlashga rozi bo‘ldi.