Kolumbiyada inqilobiy qo‘llanma kuchlarining (FARC) sobiq a’zolaridan tashkil topgan Estado Mayor Central (EMC) guruhiga qarshi o‘tkazilgan harbiy operasiya davomida 25 kishi yo‘q qilindi.
Mahalliy OAV xabar berishicha, harbiylar va polisiya prezident Gustavo Petro buyrug‘i bilan Guaviare departamentining qishloq hududlarida operasiya o‘tkazgan. Janglar davomida xavfsizlik kuchlari orasida halok bo‘lganlar yoki yaralanganlar haqida ma’lumot berilmagan.
Kolumbiya mudofaa vaziri Pedro Sanches ma’lumotiga ko‘ra, bu so‘nggi yillardagi eng yirik harbiy amaliyotlardan biri bo‘lib, u “Ivan Mordisko” laqabi bilan tanilgan Nestor Gregorio Vera boshchiligidagi guruhlarga qarshi yo‘naltirilgan.
Vazirning ta’kidlashicha, operasiya davomida 23 ta miltiq, 3 ta minomyot, 62 ta granata, 59 mingdan ortiq turli kalibrdagi o‘q-dorilar va 50 ta mina qo‘lga olingan.
“Qurolli kuchlarimiz va milliy polisiyamiz so‘nggi yillardagi eng hal qiluvchi amaliyotlardan birini amalga oshirdi. Bu xalqimiz va xavfsizlik tizimimizga qarshi tahdidlarga qattiq javob bo‘ldi”, — dedi Sanches.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Guaviare hududidagi guruhlar majburiy ko‘chirish, odam o‘g‘irlash, tovlamachilik, terror hujumlari va voyaga yetmaganlarni harbiy guruhlarga jalb qilish bilan shug‘ullangan.