KXDR yetakchisi Kim Chen In mamlakat tarixidagi eng yirik qurol-yarog‘ zavodini qurishga buyruq berganga o‘xshaydi. Bu haqda Newsweek jurnali Planet Labs amerikalik kompaniyasi tomonidan olingan sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini tahlil qilgan holda xabar berdi. Yangi zavod hozirda mavjud bo‘lgan harbiy korxona yaqinida joylashadi, ammo undan ancha katta bo‘ladi.
Eng muhim jihat — ushbu zavodning mahsuloti, ehtimol, birinchi navbatda Koreya xalq armiyasi uchun emas, balki Rossiya armiyasi uchun mo‘ljallangan.
Seuldagi Fridrix Naumann Fondi Koreya byurosi rahbari Frederik Spor BILD nashriga quyidagilarni ma’lum qildi:
🗣 «Rossiyaga qurol eksport qilish — shimoliy koreylar uchun juda muhim daromad manbaiga aylandi. [...] Ukrainaliklar Rossiyaning bir qator uzoq masofali bombardimon samolyotlarini ishdan chiqarganidan so‘ng, Rossiya ballistik raketalarga, xususan, yerga asoslangan turlariga tayanishni boshladi. Shimoliy Koreya esa shunday raketalarni, jumladan, KN-23 qisqa masofali ballistik raketasini yetkazib bermoqda.»
📌 Janubiy Koreya mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili Shimoliy Koreyada o‘q-dorilar ishlab chiqarish to‘liq quvvatda amalga oshirilgan. Mamlakat Rossiya armiyasiga millionlab snaryadlar va ko‘plab raketalar yetkazib bergan.