Bugun 20 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Kelajakka yaxshi nom qoldiraylik...

Kelajakka yaxshi nom qoldiraylik...

Yaratganga shukrki musaffo osmon ostida, dorul-omon va jannatmonand vatanda tinch va osuda, farovon hayot kechirmoqdamiz. Tinchlikni har kim har xil tushunadi.  Kimdir butun olam tinchligini tushunsa, kimdir yurtining tinchligini tushunadi, yana kimdir shahri, qishlog‘i, mahallasi yoki oilasi tinchligini tushunadi. Yana kimlardir esa faqat o‘zining tinchligini tushunadi.

Ajdodlarimizdan meros bo‘lib qolgan shunday bir an’ana borki, ota-bobolarimiz, onaxon va buvijonlarimiz doimo Yaratgandan,  avvalo, olam tinchligini keyin yurt tinchligini iltijo qilib, so‘ngra boshqa xayrli niyatlarni ro‘yobga chiqarishini so‘rab duo qilishadilar. Yurtimizdagi shu kungacha erishilgan yutuqlarning barchasi, iqtisodiy rivojlanishlar, talim sohasidagi yutuqlar, obodonchiliklar, shaharlarimiz kun sayin chiroy ochib ko‘rkamlashayotgani, barcha-barchasi mana shu oliy nemat- tinchlik boisidandir.

 Ming afsuslar bo‘lsin, ayrim nokas kimsalar borki, katta-katta fitnalarni qo‘zg‘ab vayronagarchilik, zulm va zo‘ravonlik bilan tinch aholini qo‘rquvga solib, minglab oilalarni parokanda qilib, qanchadan-qancha shahar va qishloqlarni barbod qilishadi, minglab begunoh insonlarni nohaq o‘limiga sababchi. Ular o‘zlariga dinni niqob qilib, din nomidan qing‘ir ishlarini qilayotgan qonxo‘r vahshiylardir.

Ba’zi bir mamlakatlarga  nazar tashlaydigan bo‘lsak, nokas kimsalar u yerda har kuni o‘zlarining to‘s-to‘palon, urush-qirg‘inbarot qon to‘kishdek qabih ishlarini olib bormoqda. Tadqiqotchilarning aytishicha endi bu davlatlar oldingi o‘rnini topishi uchun yani, yana qayta avvalgi rivojlanayotgan holatiga kelishi uchun qariyb bir asr vaqt kerak bo‘lar ekan. Bu o‘rtacha ikki insonnning hayoti demakdir. Bu qanday dahshat va ayanchli. Aniqki, fitna chiqarganlar, nohaq qon to‘kkanlar bu dunyoda ham oxiratda ham xoru zor bo‘lishadi.

 Solih amal qiluvchilarni esa amali zoye qilinmaydi. Zero, Islom talimotida: har bir qilingan zarracha amal mukofot yoki jazosiz qolmaydi,- deb takidlanadi.

Shunday ekan biz tinch va osoyishta mustaqil diyorda yashayotganimizga behad shukrona aytib, bu tinchlikdek buyuk ne’matning qadriga yetishimiz lozim bo‘ladi.  Bu tinchlikning qadriga yetish deganda – oilamizga, xalqimizga, yurtimizga manfaatli ishlarni qilishimiz, zararli ishlardan o‘zimizni tiyishimiz tushuniladi. Shuningdek, tinchlik soyasi ostida bilim va hunarlarimizni oshiraylik, odobimizni yaxshilaylik, muomalamizni rivojlantiraylik, qarindoshlik va do‘stlik rishtalarini mustahkamlaylik, urushib qolgan oilalarni yarashtirib qo‘yaylik, boquvchisini yo‘qotganlarga yordam beraylik, ozodalik va obodonchilik ishlariga qarashaylik, ortimizdan bog‘lar qoldiraylik, sof dinimizni, milliy urf-odatlarimizni asraylik, ajdodlarimiz qoldirgan bebaho ilmiy meroslarini kengroq o‘rganaylik va hayotimizga tadbiq qilaylik va yana shunga o‘xshash ezgu ishlarni qilaylikki, yashayotgan umrimizdan mano hosil bo‘lsin, ortimizdan yaxshi nom qolsin.

Manba: muslim.uz

Kiritildi: 20:45 14.08.2019. O'qildi: 8947 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!