Tvitter ijtimoiy tarmog‘ida "Kazakh Scout" profilini yurituvchi shaxs O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi futbolchilari haqida iliq fikrlar bildirdi.
"Evropa va Osiyoning yetakchi klublari O‘zbekiston U-17 jamoasining hech bo‘lmaganda yarmini o‘z tarkiblariga qo‘shib olmasalar, bundan juda ham hayron bo‘laman. Shukurullayev, Rustamov, Hasanov, Aliyev va boshqalar – barchasi iqtidorli yigitlar.
Men ularga omad tilayman, lekin Saudiya Arabistoniga qarshi final oldidan ularga omad kerak bo‘lmaydi, deb o‘ylayman", — deya yozdi muallif.
Ushbu fikrga javoban @Nottscountycol sahifasi egasi quyidagicha fikr bildirdi:
"Katta ehtimol bilan Rossiya, Qozog‘iston, Belarus va Ozarboyjon klublari ularni o‘z safiga qo‘shib olsa kerak. Boisi, ularning madaniyati O‘zbekistonniki bilan o‘xshash".
"Kazakh Scout" esa bu fikrga qo‘shilmadi: "Ular Rossiya, Belarus chempionati darajasidan o‘sib ketishgan. Ular Belgiya, Niderlandiya, Turkiya, Xorvatiya, Serbiya va Fransiya klublarida asosiy tarkib uchun kurasha olishadi. Ayniqsa, Husanov o‘zbeklar nimalar qodirligini ko‘rsatganidan keyin".