Bugun 2 iyul, 2024 yil, seshanba

КИР

Kasaba uyushmalari tomonidan xodimlar foydasiga 3 milliard so‘mdan ortiq zarar pullari undirib berildi

Kasaba uyushmalari tomonidan xodimlar foydasiga 3 milliard so‘mdan ortiq zarar pullari undirib berildi

Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda barcha sohalardagi keng ko‘lamli va tizimli islohotlar natijasida inson qadrini ulug‘lash va manfaatlarini ta’minlashga katta e’tibor qaratilmoqda. Ana shunday izchil islohotlar va yangilanishlar jarayonida O‘zbekiston kasaba uyushmalari ham faol ishtirok etmoqda. Xususan, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi turli sohalarda mehnat qilayotgan xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlarini himoyalash borasida tizimli ishlarni amalga oshirib kelmoqda.

Kasaba uyushma a’zolarining huquq va manfaatlari himoyasi eng avvalo, mamlakat miqyosida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Kasaba uyushmalari Federasiyasi va Ish beruvchilar Konfederasiyasi o‘rtasida ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha imzolangan Bosh jamoa kelishuvi, uning asosida ishlab chiqilib, amalga oshirilayotgan tarmoq va hududiy Kelishuvlar, bevosita korxona, tashkilot va muassasalarda esa ish beruvchi va kasaba uyushma qo‘mitasi o‘rtasida imzolangan Jamoa shartnomalari orqali ta’minlanmoqda. Bu haqida O‘zbekiston milliy axborot agentligi — UzA xabar bermoqda.

Shuningdek, Kasaba uyushmalari xodimlarning haq-huquqlari va manfaatlarini ish beruvchilar bilan muzokaralar olib borish, zarur bo‘lsa sudlarda himoya qilish orqali ham ta’minlab kelmoqda.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yil mobaynida kasaba uyushmalariga jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan jami 4 ming 834 ta, xususan, 2 ming 12 ta yozma, 656 ta og‘zaki, 1 ming 590 ta internet tarmog‘i orqali elektron shakldagi, 576 ta «Ishonch telefonlari» orqali kelgan murojaatlar, shu jumladan, 233 ta jamoaviy murojaatlar ko‘rib chiqilib, mehnatkashlarga amaliy yordamlar ko‘rsatildi.

Ushbu murojaatlarning 2 ming 89 tasida huquqiy himoya, 1 ming 63 tasida ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlar himoyasi, 104 tasida mehnat muhofazasi, 275 tasida kasaba uyushmasi tashkilotining tashkiliy-huquqiy faoliyati, 489 tasida sanatoriy va sog‘lomlashtirish masalalari, 503 tasida moddiy yordam ajratish, 22 tasida ijtimoiy-mehnat munosabatlariga oid boshqa masalalar aks etgan.

Kasaba uyushmalari tomonidan barcha murojaatlar ko‘rib chiqilib, xodimlar huquqlarini tiklashni so‘rab ish beruvchilarga kiritilgan 121 ta taqdimnomaning 91 tasi qanoatlantirilishi natijasida qonun buzilishi holatlari bartaraf etilishiga erishildi.

Mehnatkashlar huquqlarini himoya qilish maqsadida kasaba uyushma tashkilotlari tomonidan sudlarga kiritilgan jami 56 ta da’vo va buyruq tartibidagi arizalardan 45 tasining talablari qanoatlantirildi. 7 ta holatda ish beruvchilar ixtiyori bilan xodimning huquqlari tiklanganligi sababli da’vodan voz kechilib, taraflar o‘rtasida kelishuv bitimlari tuzildi.

Jami murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra 2023 yil davomida Kasaba uyushmalari tomonidan 3 ming 410 nafar shaxsning huquqlari tiklanib, mehnatkashlar foydasiga 26 mlrd. 30 mln. so‘mdan ortiq zarar pullari undirib berildi.

2024 yilning dastlabki besh oyi yakunlari tahliliga ko‘ra, kasaba uyushmalariga jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan jami 2 ming 115 ta murojaat, shu jumladan 88 ta jamoaviy murojaat bo‘yicha atroflicha o‘rganishlar amalga oshirildi.

Natijada Kasaba uyushmalari tomonidan 607 nafar shaxsning huquqlari tiklanib, xodimlar foydasiga 3 mlrd. 683 mln. so‘mdan ortiq zarar pullari undirib berildi.

Mehnatkashlar huquqlarini tiklashni so‘rab kasaba uyushmalari tomonidan ish beruvchilarga 30 ta taqdimnoma kiritilishi va muzokaralar olib borilishi natijasida qonun buzilishi holatlari bartaraf etilishiga erishildi.

Shuningdek, xodimlarning huquqlarini himoya qilish maqsadida kasaba uyushma tashkilotlari tomonidan sudlarga da’vo va buyruq tartibidagi arizalar kiritilib, mehnatkashlarning qonuniy huquq va manfaatlari himoyalandi.

Pirovardida, 2023 yilda va 2024 yilning o‘tgan 5 oyi davomida kasaba uyushmalari tomonidan 4 ming 17 nafar mehnatkashning huquqlari tiklanib, xodimlar foydasiga 29 milliard 713 million so‘mdan ortiq zarar pullari undirib berildi.

Shu jumladan, g‘ayriqonuniy ravishda ishdan bo‘shatilgan xodimlar kasaba uyushmalari tashkilotlari yordamida avvalgi lavozimiga tiklanib, majburiy progul vaqti uchun jami 789 million 119 ming so‘m haq undirib berildi. Kasaba uyushma tashkilotlari tomonidan xodimlarning ish haqlari va hisob-kitob pullarini olishda amaliy yordam ko‘rsatilishi natijasida 2682 nafar xodimning huquqlari tiklanib, ular foydasiga jami 26 milliard 367 million 998 ming so‘m haq undirib berildi. Bularning barchasi mehnatkashlar manfaati doim e’tiborda ekanining amaliy namunasidir.

Kiritildi: 13:25 20.06.2024. O'qildi: 465 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!