Shu kunlarda AQSh va Kanadadagi bir guruh vatandoshlarimiz O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash ishlariga ko‘mak berish maqsadida O‘zbekiston «Mehr-shafqat va salomatlik» jamoat fondiga o‘tkazish uchun mablag‘ yig‘ishmoqda.
Bu haqda Kanadada koronavirusga qarshi kurashayotgan o‘zbekistonlik shifokor Obidxon Mamadaliyev ma’lum qildi.
«Juma kuni Vashingtondagi bosh konsulimiz Faxriddin Mo‘minov «Biz O‘zbekistonga befarq emasmiz» fondi tuzilganligini bildirdi. Men shu zahoti barcha ma’lumotlarni olib, AQSh va Kanadada istiqomat qilayotgan o‘zbekistonliklarga yetkazishni boshladim.
Shu kunning o‘zida o‘zbek oilalaridan xayriya mablag‘lari kelib tusha boshladi.
Xususan, Albert provinsiyasining Red Diir shahrida yashovchi Rasul Majidovlar oilasi, Dilsora Fozilova va bir guruh vatandoshlarimiz bu tashabbusga qo‘shildi. Oilam, tibbiyot oliygohi talabalari bo‘lgan farzandlarim ham bunga o‘z hissalarini qo‘shishdi. Hozirga qadar taxminan 150 kishidan 21 000 AQSh dollari miqdorida mablag‘ yig‘ildi.
Biroq, hali bu davom etadi. Yig‘ilgan mablag‘lar «Mehr-shafqat va salomatlik» jamoat fondiga o‘tkazib beriladi».