Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining 2024 yil 22 noyabrdagi hukmiga muvofiq K. Dusov (1984 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan) Jinoyat kodeksining 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 1 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan edi.
Sud humiga ko‘ra Jinoyat kodeksining 48-1-moddasiga (ozodlikni cheklash) asosan K. Dusovga sutkaning muayyan vaqti, ya’ni kech soat 21:00 dan ertalabki soat 07:00 ga qadar yashash joyidan chiqish cheklanishi va unga qo‘shimcha internetdan foydalanmaslik, ommaviy va boshqa tadbirlar o‘tkazishda ishtirok etmaslik, har oyda bir marotaba yashash joyi bo‘yicha IIO FMB Probasiya bo‘limidan ro‘yxatdan o‘tib turish hamda mahkumlarni nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik kabi taqiqlar yuklanishi belgilangan.
Yashnobod tuman IIO FMB Probasiya bo‘limi tomonidan sudga kiritilgan taqdimnomada K. Dusov ahloqan tuzalish yo‘liga o‘tmaganligi, uning cheklov va taqiqlarga rioya etmasdan jazo o‘tashdan qasddan bo‘yin tovlab kelayotganligi, bir necha marotaba u bilan olib borilgan profilaktik suhbatlardan o‘ziga ijobiy xulosa chiqarmayotganligi hamda uni jamiyatdan ajratmagan holda tarbiyalash imkoniyati yo‘qligini inobatga olib hamda sud hukmi ijrosiz qolayotganligi sababli Jinoyat kodeksining 48-1-moddasi 6-bandi va Jinoyat-ijroiya kodeksining 44-4-moddasi (ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoni o‘tash tartibi va shartlarini buzganlik uchun javobgarlik) 3-qismi “a” bandiga asosan K. Dusovning o‘talmay qolgan 11 oy 2 kun ozodlikdan cheklash jazosini shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirish so‘ralgan.
Ish hujjatlariga ko‘ra K. Dusovga nisbatan chiqarilgan sud hukmi ro‘yxatga olinib, ijroga qaratilib, unga jazo o‘tash qonun-qoidalari bilan tanishtirilgan va Jinoyat kodeksining 48-1-moddasi 6-qismi bilan ogohlantirilib, bu haqida tilxatlar olingan.
Sud hukmida K. Dusovga belgilangan cheklov va ta’qiqlarga rioya etmagan taqdirda Jinoyat kodeksining 48-1-moddasi 5 va 6-qismi talablari tushuntirilgan bo‘lishiga, shuningdek, unga internetdan foydalanmaslik qo‘shimcha taqiq yuklatilgan bo‘lishiga qaramasdan 2025 yil 4 yanvar kunidan 11 yanvar kuniga qadar uni nomiga ochilgan “Kobul Dusov/RASMIY KANAL” Telegram-kanaliga har xil mazmundagi materiallar joylashtirib kelganligi aniqlangan.
Ushbu holat yuzasidan K. Dusov Yashnobod tumani IIO FMB Probasiya bo‘limiga chaqirtirilib, unga Jinoyat-ijroiya kodeksning 44-4-moddasi 1-qismiga asosan 2025 yil 11 yanvar kuni ogohlantirish tarzidagi intizomiy jazosi qo‘llanilgan.
Joriy yilning 24 yanvar kuni IIV TQD Kiberxavfsizlik tomonidan K. Dusovga ogohlantirish intizomiy jazosi e’lon qilingan vaqtida xam, undan keyingi kunlarda ham internetdan faol foydalanib kelganligi aniqlangan.
Sud taqdimnomani muhokama qilib hamda ish hujjatlarini tekshirib, taqdimnomani qanoatlantirishni lozim topdi.
Jinoyat kodeksining 48-1-moddasi 6-qismiga asosan agar shaxs ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoni o‘tashdan qasddan bo‘yin tovlagan, shuningdek sud tomonidan o‘z zimmasiga yuklangan majburiyatlarni bajarmagan taqdirda, sud ozodlikni cheklash jazosining o‘talmay qolgan muddatini boshqa turdagi jazo bilan almashtirishi mumkin.
Shu tariqa jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudining joriy yilning 24 yanvardagi ajrimiga muvofiq Yashnobod tumani IIO FMB probasiya bo‘limining taqdimnomasi qanoatlantirilib, jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining 2024 yil 22 noyabrdagi hukmi bilan mahkum K. Dusovga nisbatan tayinlangan va o‘talmay qolgan 11 oy 2 kun ozodlikni cheklash jazosi shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirildi. Jazoni manzil-koloniyalarda o‘tash belgilandi.