Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lum qilishicha, har yili dunyo bo‘yicha 2,6 million kishi spirtli ichimliklar asoratlari, 8 milliondan ortiq inson esa noto‘g‘ri ovqatlanish oqibatida hayotdan ko‘z yumadi.
Hozir kamida 148 mamlakatda alkogol mahsulotlariga milliy aksiz solig‘i joriy qilingan. 22 davlatda esa vino ichimligi bunday soliqdan ozod. Ularning aksariyati Yevropa mintaqasida joylashgan.
O‘z navbatida, 108 ta davlat gazlangan shirin ichimliklarning ayrim turlariga soliq joriy qilgan. Ammo bu ko‘rsatkich yetarli emas.
Vaholanki, 2017 yili o‘tkazilgan tadqiqot natijasida JSST alkogol narxini 50 foizga oshirish 50 yil ichida 21 milliondan ortiq o‘limning oldini olib, mamlakatlar byudjetiga qariyb 17 trillion dollar qo‘shimcha daromad keltirishini hisob-kitob qilgandi.
Qolaversa, spirtli mahsulotlarning soliqlar hisobiga qimmatlashishi yo‘l-transport hodisalari, zo‘ravonlik va oilaviy ajrimlar soni kamayishida ham muhim o‘rin tutadi.
Shu sababli Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti a’zo davlatlarga alkogol va gazlangan shirin ichimliklar uchun aksiz soliqlar qiymatini oshirishni tavsiya qildi.