Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti xulosasiga ko‘ra, bugun dunyo aholisining 99 foizi ifloslanish darajasi me’yoriy ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lgan havodan nafas olmoqda. Bu insoniyat salomatligi uchun jiddiy tahdiddir.
“Havoning ifloslanishi har yili 7 million odamning o‘limiga sabab bo‘lyapti, — deydi JSSTning iqlim o‘zgarishi, salomatlik va atrof-muhit masalalari bo‘yicha departamenti direktori Mariya Neyra. — Shuningdek, bu holat ko‘plab kasalliklarni avj oldirmoqda.
Masalan, atmosferadagi zaharli moddalar o‘pka orqali qon aylanish tizimiga kirib, yurak-qon tomir xastaliklarini keltirib chiqarishi mumkin.
Qolaversa, olimlar fikricha, havoda azot dioksidi miqdori oshishi nafas yo‘llarida jiddiy muammolar, xususan, bronxial astmani yuzaga keltiradi.
Shu bois, JSST dunyo mamlakatlarini atmosfera ifloslanishining oldini olishga qaratilgan samarali choralar ko‘rishga chaqirdi.