Joriy yilning 23 dekabridan 29 dekabrigacha bo‘lgan davrda Uzbekistan airways aviakompaniyasi tomonidan qo‘shimcha 17 ta aviaqatnov amalga oshiriladi.
Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Transport vazirligi axborot xizmati rahbari Navro‘z Ashurmatov ma’lum qildi:
Toshkent – Nukus – Toshkent, Toshkent – Urganch – Toshkent yo‘nalishlaridagi qatnovlarda kichik fyuzelyajli Airbus A-320 laynerlari keng fyuzelyajli Boeing 767 rusumli havo kemalariga almashtiriladi.
"O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ tomonidan joriy yilning 22 dekabr kunidan 2024 yilning 7 yanvar kuniga qadar qo‘shimcha yo‘lovchi poyezdlar (jami 58 ta reys) hamda qo‘shimcha vagonlarning yo‘lga qo‘yilishi natijasida, qishqi ta’til davrida 50 240 nafar yo‘lovchini qo‘shimcha tashish imkoniyati yaratiladi.
Toshkent shahrini boshqa viloyatlar bilan bog‘lovchi 44 ta shaharlararo yo‘nalishlarda 276 ta avtobuslar biriktirilgan bo‘lib, bayram arafasida ushbu avtobuslarning barchasi to‘liq faoliyat olib borishi ta’minlanadi.
“Yangi yil” bayrami munosabati bilan “Toshkent” va Abu Saxiy avtovokzallaridan hamda xududiy avtovokzallardan kunlik grafik asosida qatnovchi reyslardan tashqari qo‘shimcha reyslar tashkil qilinadi.
2023 yilning 20-31 dekabr hamda 2024 yilning 1-7 yanvar kunlari 381 ta qo‘shimcha reyslar orqali 18 669 ta yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatiladi.
Transport nazorati inspeksiyasining 195 nafar inspektorlari Respublikadagi har bir tumanga biriktirilgan bo‘lib, ular tomonidan bayram kunlarida tadbirkorlik sub’ektlari (taksilar) yo‘l kira narxlarini sun’iy ravishda oshirib yubormaslik bo‘yicha doimiy ravishda tushuntirish ishlari hamda nazorat tadbirlari olib boriladi.