Jizzax viloyati hokimligi Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi 2020 yil noyabr oyida Jizzax shahri ko‘chalarini ko‘rkam qiyofaga keltirish va obodonlashtirish maqsadida Sharof Rashidov ko‘chasiga manzarali daraxtlar va mavsumiy gullar ekish uchun buyurtmachilarni tanlab olish maqsadida tanlov e’lon qilgan. Qariyb 1 mlrd so‘mlik davlat buyurtmasini "My Flower" MCHJ yutgan.
Mablag‘lar viloyat hokimi Saliyev Ergash Alibekovich farmoyishi bilan mahalliy byudjetning oshirib bajarilgan qismidan ajratilgan. Yana bir tarafi: hokim mazkur farmoyishni tasdiqlash uchun xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdagi sessiyasiga kiritishni birinchi o‘rinbosariga topshirgan.
2020 yilning fevral oyida esa Jizzax shahri ko‘chalariga mavsumiy gullar ekish ob’ekti bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovda ham "My Flower" MCHJ pudratchi sifatida g‘olib bo‘ladi. Loyiha qiymati esa 1 mlrd 69 mln so‘m.
"My Flower" MCHJ kimga tegishli?
2019 yilning may oyida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan mazkur tadbirkorlik sub’ektining 50,80% ulushiga Saliyeva Nargiza Ergashevna (Saliyeva Nargiza Ergashevna), 49,20%iga esa Xolmo'minov Zohidjon Xolmurod o'g'li (Xolmo‘minov Zohidjon Xolmurod o‘g‘li) egalik qiladi. Korxona gullar va ularning urug‘larini yetishtirish bilan shug‘ullanadi.
Ushbu holat haqida "Bizda tasodiflar bo‘lmaydi. Byudjet puli sarfi hokimlarning qo‘lida. Hokimlar esa kimgadir ota, aka, uka, o‘g‘il. Pul va qarindoshning begonasi bo‘lmaydi" deydi "DavletovUz" telegram kanali.