Bugun 27 dekabr, 2024 yil, juma

КИР

Jinoyatning “isitmasi chiqdi"

Jinoyatning “isitmasi chiqdi"

Ziyoda yoshligidan pedagogika sohasida ishlashni, yoshlarni tarbiyalashda o‘z hissasini qo‘shishni niyat qilgandi. U o‘z niyatini amalga oshirish maqsadida, qo‘shni tumanda joylashgan pedagogika bilim yurtini tamomlab, o‘zi tug‘ilib o‘sgan tumandagi maktablardan birida yoshlarga ta’lim bera boshladi. Ziyoda yaqin 10 yildan beri ushbu sohada ishlasa-da, ko‘ngli bir narsadan to‘lmasdi, ya’ni ma’lumoti o‘rta-maxsus edi. Shunday kunlarning birida u yaqin tanishlaridan qo‘shni Qirg‘iziston davlatida joylashgan universitetda pedagogika sohasida sirtdan o‘qish mumkinligini eshitib, ushbu universitetda oliy ma’lumotga ega bo‘lish imkoniyati mavjudligidan quvonib,  o‘qishga hujjat topshirdi va  diplomga ega bo‘ldi. Endi Ziyodani oldida yana bir muammo paydo bo‘lgandi, shuncha qiynalib olgan diplomini davlatni tegishli tashkilotlarida imtihon topshirib nostrifikasiya qilish kerak edi. Afsuski, bir necha marotaba topshirgan imtihon natijalari salbiy chiqqanligini eshitib, Ziyoda ruhan tushkunlikka tushgandi. Shunday bo‘lsa-da, u ortga chekinmasdan qayta imtihon topshirish maqsadida poytaxt sari yo‘l oldi. Yo‘l uzoqligi sababli avtomashinadagi yo‘lovchilar bir-biri bilan suhbatlashib, zerikarli yo‘lni qiziqarli suhbatlari bilan qisqartirishardi. Avtomashinadagi o‘zini Sardor deb tanishtirgan yo‘lovchilardan biri Ziyodaning nima sababdan Toshkentga ketayotganligi bilan qiziqdi. Dardini kimga aytishni bilmay turgan Ziyodaga bu savollar turtki bo‘lib, o‘z boshidan o‘tganlarni gapirib,  diplomini nostrifikasiya qilishi kerakligini aytdi. Shu paytda Sardorning xayolidan turli xil vasvasalar, Ziyodani aldab undan yaxshigina o‘lja sifatida foydalanishi, ushbu vaziyatdan unumli foydalanishi mumkinligi haqidagi fikrlar o‘tdi.

 U o‘zini Xalq ta’lim boshqarmasida ishlashini, uni yuqori tashkilotlarda tanishlari borligini, qolaversa, bu masala unga notanish emasligi, yaqinda o‘zini jiyaniga tegishli diplomni ham nostrifikasiya qilib berganligini aytib o‘tdi.

—  Faqat bu ish oson bitmasligini, ozgina xarajatidan qochmasangiz bo‘ldi, — deb kulib qo‘ydi Sardor.

Bir necha marotaba imtihonlardan o‘ta olmay  umidsizlangan, hadeb dovon oshib poytaxtga borib kelishdan zerikkan Ziyodaga ham bu taklif moydek yoqib tushdi. Faqat endi o‘sha “ozgina xarajati” qanchaligini aniqlash maqsadida Sardorni yana gapga tutdi.

— Qancha xarajat bo‘lsa, imkon qilamiz, faqat ishimiz bitsa bo‘ldi, o‘zi qancha bo‘ladi? — deb savolomuz qaradi.

Ishning bunchalik tezlashishini kutmagan Sardor ham  sir boy bermasdan tanishlari bilan maslahatlashib ko‘rishini aytdi. Shu orada avtomashina ham poytaxtga yetib keldi. Yo‘lovchilar o‘z manzillarida  birin-ketin tushib qolishardi, Sardor ham o‘z manziliga yetay deganda Ziyoda bilan huddi eski qadrdonlardek xayrlashar ekan, Ziyodani telefon raqamini olishni ham unutmadi.

Shu kunni ertasigayoq Sardor o‘z “o‘ljasi”ning telefon raqamini terib, o‘zining “tanishlari” bilan maslahatlashganini aytdi.

— Sizni o‘zimning yaqin tanishim deb aytdim, aslida, ko‘proq aytishgandi, lekin ularni 500  AQSH  dollariga ko‘ndirdim, — deb o‘zini saxovatpesha qilib ko‘rsatdi.

Ziyoda ham bunga roziligini bildirib, faqat “pulni guvohnomani olganimdan keyin beraman” deb qo‘shib qo‘ydi va Sardorni gaplariga ishongan holda yakuniy imtihonlarni ham topshirmasdan uyiga qaytdi. Bir necha kundan so‘ng tanish nomerdan qo‘ng‘iroq qilgan Sardor “guvoxnoma tayyor bo‘lganligi, pulni olib kelib guvoxnomani olib ketishi mumkinligini”, aytdi. Ziyoda “Guvohnomaning chap qismida bo‘lgan maxsus belgi rangsizligini ko‘rib, hamkasblarini guvohnomalarining chap qismida yashil belgisi bo‘lganligini, uniki rangsiz ekanligi to‘g‘risida e’tiroz qilib, buni asli qayerda ekanligi haqida so‘raganida, guvohnomani laminasiya qildirib olishini, hammaniki shunaqa ekanligini aytganligini, sheriklarini bunaqa emasligini aytganida, Sardor zarda qilib, biror bir gap aytmay ketib yubordi.

Shunday bo‘lsa-da, Ziyoda ushbu guvohnomani qalbaki ekanligini bilgani holda maktabda oliy ma’lumotli o‘qituvchi sifatida bir muncha muddat ishlab yurgan kezlarida, hamkasblaridan biri S.Majidova Ziyodaga va maktab direktoriga Ziyodaning guvohnomasining seriya raqamlarini internet tarmog‘lari orqali tekshirilganda qalbaki bo‘lib chiqqanligi haqida xabar berdi. Yuragiga g‘ulg‘ula tushgan Ziyoda “eski tanishi”ga telefon qilib, guvohnoma qalbaki ekanligi sababli qaytarib bervorganligini, unga aslini to‘g‘rilab berishini aytdi. Bu orada maktab ma’muriyati Ziyodaning qilgan kirdikorlari yuzasidan tuman ichki ishlar bo‘limiga xabar beradi. Olib borligan surishtiruvlardan so‘ng haqiqatdan ham Ziyodaning qilgan qing‘ir ishlari oshkor bo‘ladi.

Kasalni yashirsang, isistmasi oshkor bo‘ladi deganlaridek, o‘zini qilgan ishlari yuzasidan Ziyoda va Sardor qonun oldida tegishli javob berdilar. Sud, Ziyodani qilgan ishidan pushaymonligi, muqaddam sudlanmaganligi, aybiga qisman iqrorligi va u bundan to‘g‘ri xulosa chiqarib, diplomini nostrifikasiyasi bo‘yicha tegishli yakuniy imtihonlarini topshrib, hozirda haqiqiy guvohnomaga ega bo‘lib oliy ma’lumotga ega bo‘lgan pedagog sifatida kelajak avlodga ta’lim berishda davom etayotganligini hisobga olib, qonunda belgilangan jazodan ham yengilroq jazo tayinladi.


     Ilyosjon Usmonov

Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyat sudining sudyasi

                                   

Shuhratjon Axmedov

Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan tuman sudi raisi 

Kiritildi: 10:34 18.06.2020. O'qildi: 3028 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!