Bugun 20 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Jinoyat prosessida ishtirok etuvchi fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish yanada takomillashtirildi

Jinoyat prosessida ishtirok etuvchi fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish yanada takomillashtirildi

Inson huquq va erkinliklarini, xususan, himoyalanish huquqini to‘laqonli ta’minlash, mamlakatda qonun ustuvorligi va qonuniylikni mustahkamlash, shaxs huquqi va manfaatlarini ishonchli himoya qilish, shuningdek, davlat tomonidan himoyalanish huquqini ta’minlash borasida izchil islohotlar amalga oshirib kelinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2020 yil 14 mayda “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-prosessual kodeksiga jinoyat prosessida ishtirok etuvchi fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilishni kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-617-sonli Qonuni imzolandi va 2020 yil 15 mayda rasmiy e’lon qilinishi munosabati bilan shu kundan kuchga kirdi. Qonun bilan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-prosessual kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Mazkur o‘zgartishlarga ko‘ra, endilikda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining himoyachidan voz kechish jarayoni videoyozuv orqali qayd etilishi shartligi belgilandi. Bunda advokat o‘z himoyasi ostidagi shaxs bilan xoli uchrashganidan keyin himoyadan voz kechilganligini tasdiqlashi, himoyachidan voz kechish jarayoni videoyozuv orqali qayd etilishi shartligi belgilab qo‘yildi. Himoyachining himoya ostidagi shaxs bilan xoli uchrashishi videoyozuv orqali qayd etilmaydi.

Bundan tashqari, mazkur Qonun bilan Jinoyat-prosessual kodeksining 217-moddasiga o‘zgartirish kiritilib, unga ko‘ra surishtiruvchi, tergovchi, prokuror gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga nisbatan ushlab turish tarzidagi, sud esa qamoqqa olish, uy qamog‘i yoki ekspertiza o‘tkazish uchun shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish tarzidagi prosessual majburlov chorasini qo‘llaganida shaxsga nisbatan qo‘llanilgan prosessual majburlov chorasi hamda uning ushlab turilgan joyi to‘g‘risida darhol oila a’zolaridan biriga, ular bo‘lmagan taqdirda esa boshqa qarindoshlariga yoki yaqin kishilariga xabar berishi, (ilgari 24 soatdan kechiktirmasdan xabar berilishi shart bo‘lgan) shuningdek bu haqda ish yoxud o‘qish joyiga ma’lum qilishi shartligi belgilandi. Shuningdek, shaxsni ushlash, shaxsni ushlash jarayonida o‘tkaziladigan shaxsiy tintuv va olib qo‘yish prosessual harakatlari ham endilikda videoyozuv orqali qayd etilishi shart bo‘ladi.

Bundan tashqari, shaxsga nisbatan qo‘llaniladigan prosessual majburlov chorasi va shaxs ushlab turilgan joyi to‘g‘risida uning yaqinlariga darhol xabar berilishi shartligi belgilandi.

Ushlab turilgan shaxsga videoyozuv uni namoyish qilish orqali tanishtiriladi. Ushlab turish, shaxsiy tintuv qilish yoki olib qo‘yish bayonnomasiga prosessual harakatlar videoyozuv orqali qayd etilganligi haqida yozib qo‘yilib, videoyozuv materiallari bayonnomaga qo‘shib qo‘yiladi.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bu kabi huquqiy islohotlarning, xususan himoyalanish huquqini ta’minlash institutini takomillashtirilishi fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini to‘la ta’minlashdan iboratdir

 

Akrom Aripov,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi katta konsultanti

Kiritildi: 13:19 05.06.2020. O'qildi: 1686 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!