Rossiya Prezidenti Vladimir Putin chorshanba kuni Qirg‘izistonning yangi saylangan prezidentini qabul qildi va so‘nggi 15 yil ichida hokimiyat uchinchi marta zo‘ravonlik bilan o‘zgartirilgan Markaziy Osiyo davlatida siyosiy barqarorlikka umid bildirdi.
Sadir Japarov namoyishchilar tomonidan qamoqdan ozod qilinganidan uch oy o‘tgach, 10 yanvar kuni Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida 79% ovozni qo‘lga kiritdi.
Kremldagi muzokaralar boshida so‘zlagan Putin, Japarov boshlagan konstitusiyaviy o‘zgarishlar "ichki siyosiy vaziyatni normallashtirishga" yordam berishiga umid bildirgan.
Rossiya rahbari, shuningdek, Rossiya Qirg‘izistonga koronavirus yuqishiga qarshi yordam berishini va’da qildi. Qirg‘iziston hukumati Rossiyada ishlab chiqarilgan Sputnik V vaksinasini ma’qulladi va yaqin orada mamlakatda emlash boshlanadi.
Putin qirg‘iz prezidentining rus tilining davlat maqomini saqlab qolganini o‘ta muhim, degan.
Japarov ham buni ma’qullab, qirg‘izistonliklarning o‘z vatanida rus tilini o‘rganish imkoniyatlarini amalga oshirish uchun hamma narsani qilishini aytgan.
Qirg‘iziston Moskvaning iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashiga umid qilib Rossiya aviabazasini ochadi. Ilgari bu yerda Afg‘onistondagi urush paytida transportning asosiy markazi bo‘lib xizmat qilgan AQSh aviabazasi joylashgan edi.
52 yoshli Japarov Putinni Rossiya boshchiligidagi ittifoqlarga a’zolik uning mamlakati uchun "siyosiy va iqtisodiy ustuvor vazifa" bo‘lib qolishiga ishontirdi.
Japarov oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari natijalariga qarshi chiqqan namoyishchilar tomonidan ozod etilgan paytda oltin koni bilan bog‘liq mojarolarda viloyat hokimini o‘g‘irlashda ayblanib, 11,5 yillik qamoq jazosini o‘tayotgan edi.
Qamoqdan bo‘shatilgandan so‘ng darhol Japarov prezident Sooronbay Jeenbekovni lavozimidan olish uchun tarafdorlarini safarbar qildi.
Tartibsizliklar natijasida oxirgi 15 yil ichida Xitoy bilan chegaradosh 6,5 million kishilik xalqning yetakchisi uchinchi marta xalq qo‘zg‘oloni tomonidan haydab chiqarildi. 2005 va 2010 yillarda prezidentlarni hokimiyatdan ag‘dargan oldingi qo‘zg‘olonlar singari, so‘nggi tartibsizliklar ham mamlakat siyosatini boshqarayotgan klanlarning raqobatini kuchaytirdi.
Yanvar oyidagi prezident saylovlari bilan parallel ravishda o‘tkazilgan referendumda Qirg‘izistonning 81 foiz saylovchilari prezident vakolatlarini kuchaytirishni yoqladi. Tegishli konstitusiyaviy o‘zgarishlar keyingi plebissitda tasdiqlanishi kerak.
Qirg‘iziston prezidenti Moskvadan kelar-kelmay uning matbuot xizmati Sadir Japarov va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin o‘rtasida telefon orqali suhbat bo‘lib o‘tganini xabar qilgan.
Suhbat davomida Si Szinpin Sadir Japarovni prezident lavozimiga kirishganligi bilan tabriklagan va uni Xitoyga tashrif buyurishga taklif qildi.
Rossiyadan so‘ng yana bir qo‘shni davlat Xitoyga tashrif nima bilan tugashini kelajak ko‘rsatadi. Xitoy oldidagi ulkan davlat qarzlarini to‘lash masalasi tashrif mavzularidan biri bo‘lishi mumkin.
Yoqub Umar tayyorladi