O‘zbekiston milliy jamoasining JCH-2026 saralash bosqichidagi raqiblaridan biri — KXDR terma jamoasi Rossiyaning uch klubiga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlarini o‘tkazadi.
Shimoliy koreyaliklar Turkiyadagi yig‘in doirasida birinchi uchrashuvni 2 fevral kuni «Tyumen» klubiga qarshi o‘tkazadi. Ushbu klub Rossiyaning ahamiyati bo‘yicha ikkinchi o‘rindagi Birinchi ligasi — FNL turnir jadvalida oxirgi o‘rinda turibdi.
Koreyslarning 11 fevraldagi o‘yini esa yanada kuchsizroq raqib — «Leningrades»ga qarshi bo‘lib o‘tadi. Bu jamoa Rossiyaning ikkinchi A ligasida qatnashadi.
Qolaversa, KXDR terma jamoasi «Baltika» (Rossiya)ga qarshi ham o‘yin o‘tkazishi kutilyapti.
Ayni paytda Shimoliy Koreya FIFA reytingida 115-o‘rinni band etib turibdi. Yuqoridagi o‘yinlar koreyslar uchun JCH-2026 saralashi doirasida Qatar va BAAga qarshi tayyorgarlik vazifasini o‘taydi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston KXDRga qarshi guruhdagi har ikki o‘yinda ham 1:0 hisobida g‘alaba qozongan.