AQSh Oliy sudi tomonidan TikTok'ni taqiqlash bo‘yicha qaror qabul qilinishini kutgan holda amerikalik foydalanuvchilar ommaviy ravishda Xitoyning Xiaohongshu (小红书) ijtimoiy platformasiga o‘tishni boshladi, deb yozadi The Wired.
Dushanba holatiga ko‘ra, ilova rasmiy inglizcha nomiga ega bo‘lmaganiga qaramay, AQSh App Store do‘konida eng ko‘p yuklab olingan №1 ilova bo‘ldi.
"Men Mark Sukerbergga tegishli ijtimoiy tarmoqdan foydalangandan ko‘ra tushunmaydigan tilni ko‘rganni afzal ko‘raman", dedi foydalanuvchilardan biri yakshanba kuni Xiaohongshu da e’lon qilingan videoda.
300 milliondan ortiq foydalanuvchiga ega Xiaohongshu 'dastlab sayohat va turmush tarzi mazmunini almashish uchun platforma sifatida yaratilgan. O‘zlarini "TikTok qochqinlari" deb ataydigan yangi foydalanuvchilar navigasiya qilish uchun tarjimonlardan foydalanadilar.
Katta siljish AQSh Oliy sudi juma kuni TikTok'ni 19-yanvarga qadar AQShdagi operasiyalarini sotishga yoki bozorni tark etishga majburlashi mumkin bo‘lgan qonun bo‘yicha dalillarni eshitgan paytga to‘g‘ri keldi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, sudyalar qonunni konstitusiyaviy hukm qilishga moyil.
Platforma TikTok'dan sezilarli darajada farq qiladi: kontentning aksariyati qisqa videolar emas, balki matn tavsiflari bilan suratlardir. Xitoylik foydalanuvchilar yangi kelganlarni faol kutib olishadi va ularga til to‘sig‘iga qaramay qulay bo‘lishlariga yordam berishadi.
“Ko‘pchilik yangi foydalanuvchilar endi qiziqish bosqichida. O‘ylaymanki, vaqt o‘tishi bilan madaniy shok yoki farqlar paydo bo‘lishi mumkin, ammo bu bir-birimizni chuqurroq bilish jarayonining bir qismi bo‘ladi”, deb izohlaydi platformaning xitoylik foydalanuvchisi Devid Yang.
Biroq, Xiaohongshu TikTok bilan bir xil taqdirga duchor bo‘lishi ehtimoli bor, chunki qabul qilingan qonun har qanday "xorijiy dushman tomonidan boshqariladigan ilovani" blokirovka qilish imkoniyatini nazarda tutadi. Shunga qaramay, platforma amerikalik foydalanuvchilar orasida mashhurlik qozonishda davom etmoqda.
2013-yilda Shanxayda tashkil etilgan Xiaohongshu 2024-yilda yillik daromadi 1 milliard dollardan ortiq bo‘lgan Xitoydagi eng muvaffaqiyatli platformalardan biri hisoblanadi. Platforma materik Xitoydan tashqaridagi xitoy tilida so‘zlashuvchi foydalanuvchilar, jumladan, chet ellik talabalar va turli mamlakatlardagi diasporalar orasida ham mashhur.