Qirg‘iziston prezidenti “Kabar” agentligiga bergan intervyusida ushbu masalaga to‘xtalib, boshqaruv borasidagi o‘zaro kelishuv haqidagi gaplarni inkor qildi.
Jurnalist Sadir Japarovga "Jamiyatda siz va Qamchibek Tashiyev o‘rtasida saylovdan oldin “bir muddat – u, bir muddat – uning yaqin do‘sti” degan kelishuv bo‘lgani haqida gap-so‘zlar tarqalgan edi, bu rostmi?", deya savol berdi.
"Qirg‘iziston – demokratik mamlakat. Davlatni kim boshqarishini bir hovuch odam emas, Qirg‘iziston xalqi hal qiladi. Konstitusiyaga ko‘ra, har bir fuqaro saylovda ishtirok etish huquqiga ega va xalq ishonchiga sazovor bo‘lgan, aholi orasida reytingi yuqori bo‘lgan shaxs prezident etib saylanadi. Shuning uchun ham “bir muddat undoq, bir muddat bundoq” qabilidagi suhbatlar demokratik tamoyillarga to‘g‘ri kelmaydi, siyosiy madaniyatga ziddir. Bunday fikrlar xalqni tanlash huquqidan mahrum qilishga urinish sifatida qabul qilinadi", — deb javob berdi Sadir Japarov.
Prezidentning aytishicha, voqealar xronologiyasi Jogorku Keneshda (parlament) boshlangan. Shundan so‘ng bo‘linish ko‘chadagi “oqsoqollar”ga ham o‘tgan.
"Ular muddatidan oldin saylov o‘tkazish uchun imzo to‘play boshlashdi. “Jogorku Kenesh” muddatidan oldin saylov e’lon qilmoqchi”, degan gaplar bilan odamlarni chalg‘itishdi", — dedi prezident.
Japarovning ta’kidlashicha, agar u davlat rahbari sifatida vaziyatga o‘z vaqtida baho berib, keskin qaror qabul qilmaganida, parlamentdagi boshboshdoqlik oddiy odamlar hayotiga ham ko‘chishi mumkin edi.