Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti Yun Sok Yol 2024 yil dekabrida harbiy holat joriy etishni oqlash uchun KXDRni agressiyaga undashga uringan.
Bu haqda 2024 yil dekabrda Koreya Respublikasida harbiy holat e’lon qilinishi masalasi bo‘yicha ishni olib borayotgan maxsus prokuror Cho In Sok brifingda ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Reuters.
Agentlikning xabar berishicha, maxsus prokuror jamoasi isyonda ishtirok etgan, degan gumon bilan 24 kishiga, jumladan sobiq prezidentning o‘ziga va sobiq hukumat a’zolaridan besh nafariga ayblov qo‘ygan.
Cho In Sokning so‘zlariga ko‘ra, Yun Sok Yol shu yo‘l bilan harbiy holat rejimi haqida e’lon qilishini oqlash va siyosiy raqiblarini chetlatishga umid qilgan.
"Yun Sok Yol Janubiy Koreya dronlarini Shimoliy Koreya tomon uchirishni buyurgan. Bundan maqsad jangovar harakatlarni qo‘zg‘atish va buni Janubiy Koreyada harbiy holat joriy etishga bahona sifatida ishlatish bo‘lgan. Janubiy Koreya dronlari KXDR poytaxti Pxenyan yaqinida qulagan. Yun harbiy ma’lumotlarni uzatish orqali dushmanga foyda keltirgan", deyiladi tergov materialida.
Yun Sok Yol o‘tgan yilning dekabr oyida mamlakatda harbiy holat joriy qilishga uringan. Shundan so‘ng, parlament uni qo‘zg‘olonga urinishda ayblab, impichment e’lon qilgan edi.