Janubiy Koreyada 120 mingdan ortiq kuzatuv kameralari buzib kirildi, videoyozuvlar pornografik saytga sotilgan — OAV.
Janubiy Koreya polisiyasi 120 mingdan ortiq turar-joylar va kompaniya ofislariga o‘rnatilgan videokuzatuv kameralariga ruxsatsiz kirishda to‘rt nafar mahalliy fuqaroni gumonlamoqda.
Polisiya bayonotiga ko‘ra, gumondorlarning barchasi bir-biridan alohida harakat qilgan, ularning uchtasi qo‘lga olingan.
Xakerlar kameralardagi zaifliklardan, masalan, takrorlanuvchi harflar yoki raqamlardan iborat oddiy parollardan foydalanib, videoyozuvlarni qo‘lga kiritgan. Ular karaoke xonalari va ginekologiya klinikasidagi kuzatuv kameralariga ham kirish huquqini qo‘lga kiritgan.
Mahalliy ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, gumondorlarning ikkitasi mingdan ortiq intim mazmundagi videolarni nomi oshkor qilinmagan xorijiy pornografik saytga sotgan. Qolgan ikki kishi esa o‘g‘irlangan yozuvlarni tarqatmagan va sotmagan.