Janubiy Koreya mudofaa vazirligi dengiz qaroqchilariga qarshi kurashadigan “Chxonxe” bo‘linmasi faoliyat hududini Ho‘rmuz bo‘g‘oziga yaqinroq suvlargacha kengaytirish rejasini ma’lum qildi. Reuters'ning yozishicha, bu qaror AQSh prezidenti Donald Tramp Seuldan Eronga qarshi urushni qo‘llab-quvvatlashni talab qilganidan keyin qabul qilindi.
Hukumat bo‘linmaning 2026 yil oxirida tugaydigan mandatini uzaytirish bo‘yicha parlamentga taklif kiritadi. Buning uchun taklifni avval Janubiy Koreya prezidenti Li Chje Myon ma’qullashi kerak. Rejaga ko‘ra, bo‘linma Adan ko‘rfazidan O‘mon yaqinidagi suvlargacha harakat qiladi. Bu hudud Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan qariyb 650 kilometr uzoqlikda joylashgan. Shuningdek, Seul mintaqaga dengiz patrul samolyotini ham yuboradi va bo‘linma tarkibini 75 kishiga ko‘paytiradi.
“Chxonxe” bo‘linmasi 2009 yildan buyon Aden ko‘rfazida tijorat kemalari xavfsizligini ta’minlab keladi. Hozir uning tarkibida 4400 tonnalik esmines, vertolyot, uchtagacha tezyurar qayiq va 300 ga yaqin harbiy xizmatchi bor. Mudofaa vazirligi missiya jangovar bo‘lmasligini va bo‘linma ittifoqchi kuchlardan mustaqil harakat qilishini ta’kidladi.
Tramp Seulni Eron urushini yetarlicha qo‘llab-quvvatlamayotganlikda tanqid qilib, yozda ikki davlatning yirik qo‘shma harbiy mashqlarini qisqartirgandi. Janubiy Koreyaning o‘zi esa neftining 70 foizini Yaqin Sharqdan oladi.