Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) rahbari Tedros Adhanom Gebreesus MV Hondius kruiz kemasida hantavirus tarqalganidan so‘ng barcha mamlakatlarni ehtiyotkorlikka chaqirdi. U hukumatlarni JSST tavsiyalariga amal qilishga undadi. Ushbu tavsiyalar 42 kunlik karantin va muloqotda bo‘lganlarni doimiy kuzatib borishni o‘z ichiga oladi.
"Hozircha yirik epidemiya boshlangani haqida belgilar yo‘q. Biroq vaziyat o‘zgarishi mumkin. Virusning inkubasiya davri uzoqligini hisobga olsak, kelgusi haftalarda yangi holatlar chiqishi ehtimoldan xoli emas", — dedi JSST rahbari Madridda o‘tkazilgan matbuot anjumanida.
Shuningdek, Adhanom kemani qabul qilgani hamda yo‘lovchilar va ekipajni evakuasiya qilishda ko‘maklashgani uchun Ispaniyaga minnatdorlik bildirdi.
Argentinadan Kabo Verdega suzib ketayotgan MV Hondius kruiz kemasida uch kishi — niderlandiyalik er-xotin va Germaniya fuqarosi hantavirusdan vafot etgan.
Hozirgacha virusning Andes varianti bilan bog‘liq to‘qqizta holat tasdiqlangan. Ular orasida kemadan evakuasiya qilingan Fransiya va AQSh fuqarolari ham bor. Bundan tashqari, Ispaniya Sog‘liqni saqlash vazirligi Madriddagi harbiy gospitalda karantinda bo‘lgan 14 nafar ispaniyalikdan birida hantavirus aniqlanganini ma’lum qildi. Bemorning ahvoli barqaror, unda yengil isitma va nafas qisish kuzatilmoqda.
Hantavirus — odamga kemiruvchilardan, asosan, ularning viruslangan ajralmalari orqali yuqadigan viruslar guruhi. Ular o‘pka yoki buyrak shikastlanishi kabi og‘ir kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Odatda hantavirus kemiruvchilar orqali yuqadi, biroq kam hollarda yaqin aloqa orqali odamdan odamga o‘tishi ham mumkin. Kasallik isitma, bosh va mushak og‘riqlari, ko‘ngil aynishi hamda charchoq kabi belgilar bilan kechadi. Virus bilan kasallanish 50 foiz holatlarda o‘lim bilan yakunlanadi.