Turkiya atrof-muhit, urbanizasiya va iqlim o‘zgarishi vaziri Murat Kurum ma’lum qilishicha, Istanbulda 6,2 ball kuchidagi zilziladan so‘ng binolarga zarar yetgani haqida 6539 ta xabar kelib tushgan.
Eng ko‘p murojaatlar Baxchelievler, Esenler, Bagcilar, Zeytinburnu va Avcilar tumanlarida qayd etilgan.
Aksariyat xabarlar shaharning Yevropa qismidan kelgan. 1473 ta holatda binolar shikastlanmagan, yana 101 ta binoga yengil shikast yetgani aniqlangan. Kurumning ta’kidlashicha, silkinishlarning qisqa davom etganligi (13 soniya) tufayli jiddiy vayronagarchiliklarning oldi olingan.
Shuningdek, vazir 81 ta viloyatni qamrab oluvchi shahar transformasiyasi va ijtimoiy qurilish dasturi boshlanganini e’lon qildi. Hukumat vakillari avvalgi zilzilalar hududida 540 mingta uy-joy qurilishini yakunlashni va’da qildi, shundan 450 mingtasi 2025 yil oxirigacha jabrlanganlarga topshiriladi.