Istanbul meri Ekrem Imamo‘g‘lu korrupsiya ayblovi bilan sud tomonidan hibsga olindi.
"A haber" nashrining xabar berishicha, merning maslahatchisi Murat Ongun ham hibsga olingan. Sud jami 18 kishini hibsga olish to‘g‘risida qaror chiqardi.
Imamo‘g‘luga qarshi ikkita alohida tergov olib borilmoqda. Ulardan birida tovlamachilik, firibgarlik va korrupsiya bilan shug‘ullangan uyushgan jinoiy guruhga rahbarlik qilganlikda ayblangan.
Bundan tashqari, prokuratura Istanbul meri tasarrufidagi sho‘ba kompaniyalari qonunni buzgan holda tashkil etilgan tenderlarda g‘alaba qozonganini, o‘z xizmatlari uchun narxlarni sun’iy ravishda oshirib, ish yuzasidan boshqa gumonlanuvchilar bilan birgalikda boyib ketganini ta’kidlamoqda.
Ekrem Imamo‘g‘luning qo‘lga olinishi Turkiyada keng ko‘lamli norozilik namoyishlariga sabab bo‘ldi. Imamo‘g‘lu prezident Erdo‘g‘anning asosiy siyosiy raqibi hisoblanadi. Ayni paytda Turkiya telekanallari namoyishlarni jonli efirda ko‘rsatishni to‘xtatdi, mamlakatda barcha ijtimoiy tarmoqlar bloklandi. Xavfsizlik kuchlari namoyishchilarga qarshi suv purkagichlar va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatmoqda