Falastinning HAMAS harakati Siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniyaning o‘limi munosabati bilan Tel-Avivdagi respublika elchixonasi binosi ustida Turkiya bayrog‘i yarmiga tushirildi. Bunga javoban Isroil tashqi ishlar vaziri Isroil Kas Turkiya elchisi o‘rinbosarini tashqi ishlar vazirligiga chaqirib, norozilik bildirgan.
"Hamas yetakchisi Ismoil Haniya o‘ldirilishi ortidan Tel-Avivdagi Turkiya elchixonasida Turkiya bayrog‘i yarim shtatga tushirilganidan keyin Turkiyaning Isroildagi elchisi o‘rinbosariga qattiq tanbeh berish uchun chaqirishni buyurdim", — deb yozdi Kas o‘zining ijtimoiy tarmog‘ida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil "Ismoil Haniya kabi qotil uchun motam tutishga aloqadorlik ifodalariga toqat qilmaydi".
"Agar elchixona xodimlari motam tutmoqchi bo‘lsa, Turkiyaga borib, Xamas terror tashkilotini qo‘llab-quvvatlovchi va uning qotilliklari va vahshiyliklarini ma’qullaydigan xo‘jayini Turkiya Prezidenti Tayyip Erdog‘an bilan birga motam tutsin", — deya qo‘shimcha qildi Kas.
Isroil va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar 2023 yil oktyabr oyida boshlangan Falastin-Isroil mojarosi avj olganidan keyin keskin yomonlashdi. Tomonlar bir necha bor keskin bayonotlar va o‘zaro ayblovlar bilan almashgan. 2023 yil oktyabr oyi oxirida Isroil TIV "Isroil-Turkiya munosabatlarini qayta ko‘rib chiqish uchun" diplomatlarni Anqaradan chaqirib olganini e’lon qildi. Turkiya ham Tel-Avivdagi elchisini maslahatlashuvlar uchun chaqirib oldi.