Isroil so‘nggi bir kun ichida G‘azo shahridagi ikkita maktabga zarba berib, tinch aholini nishonga olishda davom etar ekan, kamida 52 kishini o‘ldirdi.
Isroil G‘azo sektoridagi uy-joy va maktablarga hujumlarini davom ettirmoqda. Nusayrat lageriga bo‘lgan hujumda o‘nlab odamlar halok bo‘lganidan bir kun o‘tib, yana bir necha kishi o‘ldirildi va yaralandi.
Falastinning «Vafa» axborot agentligi xabariga ko‘ra, shanba kuni tongda bo‘lib o‘tgan hujumlarda Saadallah oilasining to‘rt nafar a’zosi Jabal’iyadagi uyida, G‘azo shahrining shimoli-sharqidagi maktabda ikki kishi va Xon Yunus janubidagi chodirda panoh topgan bir kishi o‘ldirilgan.
O‘sha kuni kechqurun G‘azo shahri g‘arbidagi Al-Rimal mahallasidagi Al-Majida Vasila maktabiga berilgan zarbada harbiylar yetti kishini o‘ldirgan, deya xabar beradi «Vafa».
Shuningdek, axborot agentligi G‘azo shahrining shimoli-g‘arbida joylashgan Jalaa chorrahasida tinch aholi guruhiga qarshi dron hujumi amalga oshirilgani, natijada bir ayol halok bo‘lgani va bir necha kishi jarohatlanganini xabar qildi. Al-Nusayrat lageri g‘arbidagi havo hujumida yana bir tinch fuqaro halok bo‘ldi.
Bundan tashqari, Rafah shahrining g‘arbida joylashgan Al-Mavosi hududiga uyushtirilgan dron hujumi oqibatida yana besh fuqaro jarohatlandi.