Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant harbiy xizmatchilar havo hujumidan mudofaa tizimlarini boshqarish uchun mas’ul bo‘lgan harbiy bazaga tashrif buyurdi. Vazirning ta’kidlashicha, mamlakat mojaro avj olishini istamaydi, biroq “barcha variantlarga tayyorlanmoqda”.
“Biz urushni qidirmayapmiz, lekin barcha imkoniyatlarga tayyorlanyapmiz. Shuning uchun, biz o‘z ishimizni yuqori darajada bajarayotganimizda, shunga mos ravishda tayyorgarlik ko‘rishingiz kerak ", dedi Galant.
Avvalroq Isroil rasmiylari Livanning “Hizbulloh” guruhi qo‘mondoni Faud Shukrning o‘limiga sabab bo‘lgan Bayrutga hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgandi. 31-iyulga o‘tar kechasi Falastinning HAMAS guruhi Tehronda Siyosiy byuro rahbari Ismoil Haniya o‘lganini e’lon qildi va buning uchun Isroilni aybladi. Isroil rasmiylari Haniyaning o‘limi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi.