Isroil harbiy samolyotlari vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi xalqaro chaqiriqlarni rad etib, Livanga zarba berishda davom etmoqda.
Livan Milliy Axborot Agentligi Isroilning Livan sharqidagi Baalbek shahri va uning atrofidagi hududlarga eng kuchli havo hujumlari haqida xabar berdi.
Hujumlar natijasida Shaat shahridagi butun bir oila halok bo‘ldi. Livan sog‘liqni saqlash vazirligi Aita ash-Shab qishlog‘ida uch kishi va mamlakat janubidagi Qana shahrida bir Suriya fuqarosi halok bo‘lganini tasdiqladi.
Guvohlar Anadolu agentligiga janubdagi Tire va Nabatiye mintaqasiga bir kecha-kunduzda uyushtirilgan havo hujumlari haqida ma’lum qildi.
Ushbu hujumlar chorshanba kuni kechqurun e’lon qilingan 21 kunlik otashkesim haqidagi AQSH, Yevropa Ittifoqi va boshqa to‘qqiz davlatning chaqirig‘iga qaramay sodir bo‘ldi. Xalqaro hamjamiyat mojaroning mintaqaviy tarqalish xavfidan ogohlantirdi.
Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, keskinlashuv boshlanganidan beri kamida 610 kishi halok bo‘lgan, 2000 dan ortiq kishi jarohatlangan.