Eyal Zamirga ko‘ra, yangicha bosqich boshlanmoqda, asosiy maqsad G‘azodagi nazoratni bartaraf etish.
Isroil armiyasi shtabi boshlig‘i, general Eyal Zamir Eron bilan tinchlik shartnomasi e’lon qilinganiga qaramay, urush hali tugamaganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, urushning faqat bir muhim bosqichi yakunlangan, ammo oldinda yana qator harbiy harakatlar kutilmoqda.
“Biz muhim bobni yakunladik, ammo Eronga qarshi urush nihoyasiga yetmadi. Hozirgi natijalarga asoslangan holda yangi bosqichga o‘tmoqdamiz”, — dedi Zamir. Uning bayonotiga ko‘ra, 12 kun davom etgan harbiy harakatlarda Eronning yadroviy va raketa dasturlari jiddiy zararlangan.
General Zamir Isroil harbiy kuchlari va front ortidagi boshqaruvni yuqori baholar ekan, “bunday misli ko‘rilmagan natijalarga qaramay, hali tinichlanishga asos yo‘q”ligini ta’kidladi. Uning ta’kidlashicha, hozirgi e’tibor Gʻazodagi garovga olinganlarni ozod qilish va HAMAS boshqaruvini tag-tomiri bilan yo‘q qilishga qaratiladi.
Eslatib o‘tamiz, 24 iyun kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Isroil va Eron o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qilgan edi. Eron Xavfsizlik kengashi ham shunday bayonot berib, Isroil ustidan “g‘alaba” qo‘zonilganini bildirgan.