Isroil hukumati 1967 yildan buyon amalda bo‘lgan harbiy buyruqni bekor qildi. Ushbu buyruq G‘arbiy sohilda yerlarni rasmiy ro‘yxatga olishni (erga egalik huquqini belgilashni) to‘xtatib qo‘ygan edi.
Xalqaro kuzatuvchilarning fikricha, bu qaror hududni rasman Isroil tarkibiga qo‘shishning huquqiy asosi hisoblanadi. Qaror Isroil to‘liq harbiy va fuqarolik nazoratini ushlab turgan G‘arbiy sohilning 60 foiz qismi, ya’ni C hududini qamrab oladi.
Endilikda Isroil hukumati bu hududlarda kimga tegishli ekani aniq bo‘lmagan yerlarni o‘zining “davlat mulki” sifatida rasmiylashtirishni boshlaydi. Yerlar davlat mulki deb e’lon qilingach, u yerda yahudiy aholi punktlari, yo‘llar va harbiy infratuzilmalarni qurish huquqiy jihatdan osonlashadi.
Ammo ko‘plab oilalarda bunday rasmiy hujjatlar yo‘q yoki ular faqat an’anaviy kelishuvlarga tayanadi. Agar egalik isbotlanmasa, yer avtomatik ravishda Isroil davlati mulkiga o‘tishi mumkin.
Isroil hukumati bu jarayonlarni amalga oshirish uchun qariyb 80 million dollar ajratgan. Reja 2026 yildan 2030 yilgacha bo‘lgan davrni qamrab oladi. Taklif hukmron koalisiyadagi ayrim o‘ta o‘ng qanot siyosatchilar, jumladan adliya vaziri Yariv Levin va moliya vaziri Besalel Smotrich tomonidan ilgari surilgan.