Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning kanselyariyasi AQSh tomonidan mamlakatga ajratiladigan yillik qariyb 4 milliard dollarlik beg‘araz harbiy yordamni to‘xtatish bo‘yicha Vashington qarorini ilk bor rasman tasdiqladi va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qildi. Bu haqda Bosh vazir ofisi vakili Doron Shpilman Fox News telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Shpilmanning ta’kidlashicha, Isroil ushbu harbiy ko‘makdan nafaqat o‘z mudofaasi, balki AQSh va boshqa G‘arb davlatlarining umumiy raqiblariga qarshi kurashda unumli foydalanib kelgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda Isroil kuchli va barqaror iqtisodiyotga ega hamda Vashington va Tel-Aviv o‘rtasidagi munosabatlar oddiy moliyaviy yordam bosqichidan o‘zaro teng huquqli strategik sheriklik va investisiya formatiga o‘tmoqda.
Biroq, Isroil hukumati vakili AQSh harbiy mahsulotlari va moliyalashtirishni yetkazib berish aynan qaysi sanadan e’tiboran to‘liq to‘xtatilishiga aniqlik kiritmadi.
Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp yil oxirigacha Izrailga beriladigan yordamni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini bildirib, «Biz endi Izrailga pul bermaymiz», — deya bayonot bergan edi.
Isroilning KAN davlat telekanali bergan xabarga ko‘ra, Vashingtonning ushbu kutilmagan qarori Mudofaa vazirligi va harbiy rahbariyat ichida jiddiy xavotirlarni keltirib chiqargan. AQShning Isroildagi elchisi Mayk Xakabi esa moliyalashtirishni to‘xtatishning aniq muddatlari va bosqichlari hozircha to‘liq belgilanmaganini qayd etgan.