Ispaniya Qirollik futbol federasiyasi prezidenti Rafael Lusan 2030 yilgi jahon chempionati finali Ispaniyada o‘tkazilishi kerak, deb hisoblamoqda.
U bu haqda Madridda o‘tkazilgan UEFA’ning yillik xavfsizlik konferensiyasida gapirdi. Lusanning bayonoti Marokash tomonining hal qiluvchi uchrashuvni o‘z mamlakatida o‘tkazish istagi fonida yangradi.
«Biz 2030 yilgi jahon chempionatini tarixdagi eng yaxshi mundialga aylantirishni xohlaymiz. Uni Portugaliya va Marokash bilan birgalikda o‘tkazamiz. Ispaniya bu vazifani munosib bajaradi va butun dunyoga xavfsiz hamda unutilmas turnir taqdim etadi», — dedi u.
Lusan Ispaniyaning qo‘shma arizadagi ulushiga ham alohida urg‘u berdi.
«Uchrashuvlarning asosiy qismi bizda o‘tkaziladi, arizadagi ulushimizning 55 foizi Ispaniya hissasiga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun final ham Ispaniyada o‘tkazilishi kerak. Yirik futbol tadbirlarini o‘tkazish borasida biz xavfsizlik va muvaffaqiyatning to‘liq kafolatimiz», — deya qo‘shimcha qildi RFEF rahbari.
U Ispaniyaning yirik musobaqalarni tashkil etish tajribasiga misol sifatida Yevro-2020 uchrashuvlari, Sevilya va Bilbaoda o‘tkazilgan Yevropa kuboklari finallari hamda 2019 yilgi Chempionlar ligasi finalini keltirdi.