Bugun 19 aprel, 2024 yil, juma

КИР

Islom! Jinsiy yaqinlikka oid hukmlar va odoblar

Islom! Jinsiy yaqinlikka oid hukmlar va odoblar

Islomda harom qilingan jinsiy yaqinlik qilishning yana bir ko‘rinishi bu orqaga yaqinlik qilishdir.

Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qiladi: «Sen: Agar pok bo‘lsalar, ularga Alloh amr qilgan joydan keling. Albatta, Alloh tavba qiluvchilarni sevadi va poklanuvchilarni sevadi», deb ayt. Ayollaringiz ekinzorlaringizdir. Bas, ekinzoringizga xohlaganingizcha keling. O‘zingiz uchun (yaxshilik) taqdim qiling. Va Allohga taqvo qiling hamda, bilingki, albatta, Unga ro‘baro‘ keluvchisiz. Mo‘minlarga bashorat ber». (Baqara surasi, 222, 223‑oyatlar).

Ushbu oyatlardagi «ularga Alloh amr qilgan joydan keling» jumlasidan ayollarning faqat old tarafiga, ya’ni farjiga yaqinlik qilish halol bo‘lishi va ularning orqasiga yaqinlik qilish harom ekanligi ma’lum bo‘ladi. Shuningdek «Ayollaringiz ekinzorlaringizdir. Bas, ekinzoringizga xohlaganingizcha keling» jumlasidan ayollarning oldiga, ya’ni farjiga yaqinlik qilinganda old tarafdan ham, orqa tarafdan ham kelish joizligi bilinadi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Xotinining orqasiga yaqinlik qilgan odam la’natlangandir» deb aytganlar.

Abu Dovud rivoyati.

O‘z orqasiga yaqinlik qilinishiga yo‘l qo‘yib bergan ayollar ham ushbu la’nat ostiga kiradilar.

Jinsiy yaqinlikka oid hukmlar va odoblar

Islom shaxs va jamiyat hayotining har bir sohasida eng to‘g‘ri ko‘rsatmalarni bergani kabi er-xotin orasidagi jinsiy yaqinlikka oid ko‘rsatmalarni ham bergan. Ushbu ko‘rsatmalarni ulamolarimiz Qur’on va Sunnatdan olib biz ummatlarga bayon qilib berganlar.

Jinsiy yaqinlikka oid hukmlar va odoblar quyidagilardan iborat:

– Avvalo inson hojati bo‘lmasa yalang‘och holatda bo‘lmasligi kerak. Oldida hech kim bo‘lmagan taqdirda ham u Allohdan hayo qilishi lozimdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan oldida hech kim bo‘lmaganda yalang‘och bo‘lish haqida so‘ralganda: «Alloh hammadan ham ko‘ra ko‘proq hayo qilinishga loyiqroq Zotdir» deganlar.

Termiziy rivoyati.

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Yalang‘och bo‘lishdan saqlaninglar. Zero qazoi-hojat va er o‘z ayoliga qo‘shiladigan vaqtdan boshqa vaqtlarda sizlardan ajralmaydiganlar bor. Ulardan hayo qilinglar va ikrom etinglar» deganlar.

Termiziy rivoyati.

– Jinsiy yaqinlik oldidan er-xotin quyidagi hadisda kelgan duoni o‘qishlari mustahabdir: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Birortangiz o‘z ayoliga yaqinlik qilishni iroda qilganda: «Bismillahi, Allohumma jannibnash shaytona, va jannibish shaytona maa rozaqtanaa» desa, o‘sha qo‘shilishdan Alloh ularga farzand nasib qilgan bo‘lsa, o‘sha farzandga shayton hech qachon zarar bera olmaydi».

Buxoriy rivoyati.

Duoning ma’nosi: Allohning nomi ila. Allohim bizdan va bizga ato etadigan farzanddan shaytonni chetda qilgin.

– Jinsiy yaqinlik vaqtida er-xotin o‘zlari xoli qolishlari, oldilarida hech kim bo‘lmasligi shart. Ularning oldilarida farzandlari ham bo‘lmasligi va ovozlari eshitilmaydigan bo‘lishi zarur.

– Birdan jinsiy yaqinlikka o‘tmasdan o‘zaro erkalatish ila darajama-daraja kirishib borish kerak.

Islomda zo‘rlash mumkin emas. Jinsiy aloqa vaqtida ham qo‘pollik qilish, tan jarohati yetkazish kabi ishlar joiz emas.

– Ayol kishini eri to‘shakka chaqirganda har qanday holatda bo‘lmasin ijobat etishi lozim. (Ro‘zador bo‘lgan holati bundan mustasno, bunda ro‘zador ekanligini eslatib uzr so‘rab qo‘yadi).

– Ayol ham, er ham bir-birlari uchun ziynatlanishlari, xushbo‘ylik ishlatishlari Islomda go‘zal sanalgan amallardandir.

– Er-xotin bir-birlarining jinsiy a’zolariga iloji boricha qaramasliklari zarur.

– Qayta jinsiy aloqaga kirishishdan oldin tahorat olish maqtalgan ishlardandir.

– Ulamolar Islomda «azl» qilish ma’lum holatlarda joizligini aytganlar. «Azl» – erkak o‘z urug‘ligini ayolining bachadonidan boshqa yerga to‘kishidir.

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrlarida «azl» qilar edik. Buni u kishiga yetkazilganda bizni bu ishdan qaytarmaganlar»

Imom Buxoriy rivoyati.

– Ulamolar: «Ayol homilador bo‘lgan holatida unga jinsiy yaqinlik qilish joiz», deganlar.

– Jinsiy aloqadan keyin er ham, ayol ham albatta g‘usl qilishlari farzdir. Zero junub (jinsiy yaqinlikdan keyin g‘usl qilmagan) odamga g‘usl qilmaguncha namoz o‘qish va boshqa ibodatlarni amalga oshirish mumkin bo‘lmaydi.

– Er-xotin bir-birlarining jinsiy a’zolariga og‘izlari bilan tegishlari, o‘pishlari joiz emas. Bundan boshqa tana qismlarini o‘pishning hechqisi yo‘q.

– Er-xotin bir-birlarining to‘shakdagi sirlarini boshqalarga aytmasliklari, bir-birlarining tana tuzilishlarini boshqalarga vasflamasliklari shartdir.

Abu Sa’id roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qiyomat kunida Alloh huzurida martaba jihatidan odamlarning eng yomoni ayoli bilan, ayoli u bilan yaqinlik qilgandan keyin ayolining sirini oshkora qilib yuradigan odamdir» dedilar.

Imom Muslim rivoyati.

Islomda harom qilingan hayz va nifos vaqtida yaqinlik qilish, orqaga yaqinlik qilish, istimno kabi ishlarni qilish joiz emas. Bular haqida yuqorida aytib o‘tildi.

Afzal Abror tarjimasi

Kiritildi: 03:00 22.09.2020. O'qildi: 119946 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!